Oqdaryoda avtostansiya qachon quriladi?

22 yanvar kuni «O‘zbekiston 24» telekanalida namoyish etilgan «Menimcha» ko‘rsatuvi va ijtimoiy tarmoqlarda Prezidentning joylarda jamoat transporti ko‘rsatayotgan xizmatlardan ko‘ngli to‘lmayotgani, avtoshohbekatlar va hatto oddiy bekatlar yo‘qligi haqidagi fikrlari ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.

Tahririyatimizga oqdaryolik bir guruh fuqarolar murojaat qilib, tumanda jamoat transporti ahvoli o‘ta sustligi, kichik bo‘lsa-da avtoboshbekat mavjud emasligi bois yo‘lovchilar azob chekayotganini bildirdi.

"O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 6 martdagi “Avtomobil transportini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qaroriga asosan Oqdaryo tumani markazida avtostansiya qurilishi belgilangan edi, - deyiladi murojaatda. - Bu haqda qarorning 8-ilovasida loyihaning aniq manzil, muddat va summasi keltirilgan bo‘lib, 2020 yilda foydalanishga topshirilishi lozim edi. Ammo amalda bu vazifa bajarilmadi. Buni Prezident qarori bajarilmasa ham bo‘ladi, deb tushunish kerakmi yoki yo‘lovchilarga sharoit yaratib berish shart emas, debmi? Aslida bu eng savob ish. Lekin uni bajaradigan, bajaruvchini nazorat qiladigan, aholini o‘ylaydigan mas’ul shaxslar bormi?

Tumanimizning bir qismi Samarqand shahriga yaqin bo‘lganligi bois ko‘pchilik qatnab ishlaydi. Ana endi tumanni qo‘ying, shaharda jamoat transporti xizmatini yaxshi deb bo‘ladimi? O‘zimizning muammomizga javob izlab, bir ma’lumotni o‘qib qoldik.

Samarqand viloyat transport boshqarmasi mutasaddilari keltirgan ma’lumotga ko‘ra, Samarqand shahri va shahar atrofi yo‘nalishlarini zamonaviy, barcha qulayliklarga ega bo‘lgan transport vositalari bilan ta’minlash uchun 2019 yilning oxirlarida Xitoy davlatidagi “Foton”, “Yutong”, “Asiastar”, “Zhontongbus” kabi avtomobil zavodlari faoliyatini o‘rganib, ular bilan muzokaralar o‘tkazilgan ekan.

Unga ko‘ra, 2020 yilda Samarqand shahriga 100 ta katta hajm (9,5 metr) li zamonaviy avtobuslar olib kelish hamda shaharning aeroport, temiryo‘l vokzali va markaziy ko‘chalari orqali harakatlanadigan yo‘nalishlarga joylashtirish rejalashtirilgan. Qani o‘sha avtobuslar? Axir, bu "va’da"ga ikki yil bo‘lyapti-ku... Bu masalada mutasaddilar nima derkin?".

Darhaqiqat, nafaqat Oqdaryo tumani yoki Samarqand shahri, balki viloyatimizning barcha hududlarida jamoat transporti va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishda muammolar talay. Qolaversa, aksariyat tuman markazlarida avtoboshbekat yo‘q. Haydovchilar, yo‘lovchilar uchun yetarli sharoitlar yaratilmagan. Jumladan, yaqinda haydovchilar Payariqda avtostansiya yo‘qligidan noligan, muammoni ochiq-oydin bayon etgan edi. Bunday muammolar har bir tumanda bor.

O‘ylaymizki, mutasaddilar bu borada amaliy ishga o‘tadilar.