Oqdaryolik o‘qituvchi respublika tanlovida g‘olib bo‘ldi
Xalq ta’limi vazirligi tomonidan umumta’lim muassasalarining pedagoglari orasidan matematika, fizika, kimyo va biologiya fanlari bo‘yicha ilg‘or, ijodkor o‘qituvchilarni aniqlash, ularni qo‘llab-quvvatlash va turli fanlar bo‘yicha test savollari zahirasini shakllantirish maqsadida “Eng yaxshi nazorat materiallari” ko‘rik-tanlovi tashkil etilgandi.
Tanlovda ishtirok etish uchun Xalq ta’limi vazirligiga jo‘natilgan nazorat materiallari orasidan nizom talablari asosida 2393 nafar pedagoglarning ishlari qabul qilindi. Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash Departamenti va Respublika ta’lim markazining vakillaridan iborat hakamlar hay’ati a’zolari nazorat materiallarini baholashdi va g‘oliblar aniqlandi. G‘oliblar orasida samarqandlik o‘qituvchilar ham bor.
Jumladan, matematika fani bo‘yicha Oqdaryo tumanidagi 47-maktabining matematika fani o‘qituvchisi Baxtiyor Hasanov 2-o‘rinni qo‘lga kiritdi. 1- va 3-o‘rinlar Qashqadaryo va Navoiy viloyati vakillariga nasib etgan.
Baxtiyor Hasanov 1989 yildan buyon Oqdaryo tumanidagi 47-maktabda matematika va informatika fanlaridan o‘quvchilarga saboq berib keladi. Malaka va tajribaga ega ustoz pedagogik faoliyati davomida “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoniga ham sazovor bo‘lgan. Puxta bilimga ega, fanni chuqur o‘zlashtirgan o‘qituvchi ko‘plab shogirdlarni tarbiyalab, hayotda o‘z o‘rnini topishida hissasini qo‘shib kelmoqda.
G‘oliblar Xalq ta’limi vazirligining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.
Samarqand viloyati xalq ta’limi
boshqarmasi axborot xizmati.