Oqdaryolik o‘qituvchilarning ilg‘or ish tajribasi respublikada ommalashtirildi
Oqdaryo tumanidagi 52-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktab-internatining ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari Jasur Tirkashev va Husnora Narzullayevalarning “Ona tili fanidan o‘qituvchilar, abituriyentlar va maktablarda variativ tizimda o‘quvchilar uchun amaldagi darsliklar asosida tuzilgan o‘quv-uslubiy qo‘llanma”si respublika miqyosida ommalashtirildi.
O‘quvchilarga ona tili va adabiyot fanidan dars berish davomida ularning bilimida aniqlangan bo‘shliqlarni to‘ldirish maqsadida yaratilgan ushbu metodik qo‘llanma Jasur Tirkashev va Husnora Narzullayevalarning ish faoliyatida amaliyotda qo‘llanilib, qisqa muddatda o‘zining ijobiy samarasini berdi. O‘tgan 2020-2021 o‘quv yilida 52-IDUMining 45 nafar bitiruvchilaridan 36 nafari oliy ta’lim muassasalarining talabalari bo‘lish baxtiga muyassar bo‘ldi. Shundan 17 nafari davlat granti asosida talabalikka tavsiya etildi.
- Joriy o‘quv yilida ham maktabimizning 150 nafardan ortiq o‘quvchilari turli yo‘nalish bo‘yicha oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ular dars davomida va darsdan tashqari mashg‘ulotlarda har bir mavzu bo‘yicha shug‘ullanib, bilimlarini mustahkamlab borishmoqda. O‘ylaymanki, ushbu yilda ham maktabimiz o‘quvchilari ishonchimizni oqlaydi, - deydi Jasur Tirkashev.
Dilorom Abdurahmonova,
viloyat XTB metodisti.