O‘qituvchi va murabbiylar kuni Samarqandda keng nishonlanmoqda

Bayram munosabati bilan viloyat hokimligida tantanali marosim o‘tkazildi.

Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov samarqandlik o‘qituvchi va murabbiylarni kasb bayrami bilan tabriklab, ularning zahmatli mehnatlarini e’tirof etdi. 

– Har birimiz qo‘limizga qalam tutqazib ilk saboq bergan tarbiyachi va muallimlarimizdan tortib oliy ta’limda kasb, mutaxassislik o‘rgatgan professor-o‘qituvchilar, hayotda o‘z yo‘limizni topishimiz uchun qimmatli maslahatlarini ayamagan ustozlarimizdan minnatdormiz, doim ular oldida qarzdormiz, – dedi E.Turdimov. – Keyingi yillarda Prezidentimiz tashabbuslari bilan yurtimiz ta’lim sohasini isloh qilish jarayonida soha vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, jamiyat hayotida o‘qituvchi va murabbiylarning o‘rnini oshirish, ularning hurmat-izzatini joyiga qo‘yishga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘qituvchi va murabbiylar qadr topgan yurtda ta’lim-tarbiya sifati yuqori bo‘ladi, maktabning, ta’lim dargohlarining nufuzi oshadi va eng muhimi yuksak intellektual salohiyatli yosh avlod kamol topadi. Bugun yurtimizda maktab ta’limini rivojlantirish umummilliy maqsadga, umumxalq harakatiga aylandi. Yangi O‘zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi, degan hayotbaxsh g‘oya barcha sa’y-harakatlarimizning asosi bo‘lmoqda.

Tadbirda bayram arafasida Prezidentimiz farmoniga ko‘ra, davlatimizning yuksak unvon, orden va medallari bilan taqdirlangan samarqandlik o‘qituvchi va murabbiylarga ushbu mukofotlar tantanali ravishda topshirildi. 

– Oltmish yildan buyon sport sohasida mehnat qilib kam bo‘lmadim, – deydi jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti Samarqand filiali professori, II darajali “Sog‘lom avlod uchun” ordeni sohibi Hamroqul Rofiyev. – Viloyatimizda sportni rivojlantirish, mahoratli sportchilarni tayyorlashga ozmi-ko‘pmi hissa qo‘shdim va hozir ham yoshlarga o‘z hayot tajribalarimni o‘rgatib kelyapman. Muhimi, sportga oshno bo‘lganim tufayli bugun – 85 yoshimda ham o‘zimni bardam va tetik his qilaman. Ustozlar bayrami munosabati bilan davlatimiz rahbari tomonidan e’tirof etilganim, yuksak davlat mukofotiga loyiq ko‘rilganim esa menga yangi kuch-shijoat bag‘ishladi. 

Marosimda viloyatimiz ta’lim tizimi ilg‘orlaridan yana bir guruhiga “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining tashakkurnomasi hamda viloyat hokimligining faxriy yorlig‘i va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.

– To‘rt yildan beri Samarqand shahridagi Prezident maktabida ingliz tilidan dars beraman,  – deydi ingliz tili fani o‘qituvchisi Yayra Rahimova. – Ungacha litsey, maktablarda ingliz tili o‘qituvchisi, malaka oshirish institutida metodist bo‘lib ishladim. 2023 yilda Cambridge Assessment International Education tomonidan tashkil qilingan malaka oshirish kurslarida qatnashib, “Ilg‘or o‘qituvchi” sertifikatini qo‘lga kiritdim. Bugun viloyat hokimligining faxriy yorliq va estalik sovg‘alari bilan taqdirlandim. O‘qituvchi uchun o‘z mehnatining qadrlanishi bu katta baxt.

Viloyatimiz ta’lim sohasi vakillari poytaxtimizda o‘tkazilgan bayram tadbirlarida ham ishtirok etdi. 

Jumladan, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligida o‘tkazilgan tadbirda Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 43-umumiy o‘rta ta’lim maktabining jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi Rustam Mirzayev “Xalq ta’limi fidoyisi”, Narpay tumani 22-umumiy o‘rta ta’lim maktabining ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Dilbar Qobilova “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishonlari bilan mukofotlandi.

***

Samarqand viloyati oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda o‘z hayotini eng mashaqqatli va sharafli ishga bag‘ishlab kelayotgan professional ta’lim tizimi xodimlari va faxriylari sharaflandi. 

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining tegishli buyrug‘i bilan o‘rta maxsus va professional ta’lim sohasida fidokorona mehnat qilayotgan, o‘zining yuqori kasb mahorati, yorqin iste’dodi va ijodi, vatanparvarlik fazilatlari bilan el-yurt o‘rtasida hurmat qozongan, soha rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan bir guruh xodimlar “O‘rta maxsus va professional ta’lim a’lochisi” ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi.

Xurshida ERNAZAROVA.