O‘quvchilarni savodxonlikka kim yetaklaydi?
Bugungi kunda davlatimiz tomonidan o‘zbek tilining ahamiyatini oshirish borasida ko‘plab ishlar qilinmoqda. Lekin aholi o‘rtasida buning samarasi ko‘zga tashlanmayapti. Xususan, maktablarda ona tili va adabiyot, o‘zbek tili fanlari o‘rgatilishiga qaramasdan, o‘quvchilarning aksariyatini savodxon, deb ayta olmaymiz. Sabab nima?
Fikrimcha, ijtimoiy tarmoqlarda, ko‘plab kanal va guruhlarda, oilada savod masalasiga alohida ahamiyat berilmaydi. Qanchalik darslarni to‘g‘ri bajarsa ham, yosh avlod hayotda uni qo‘llamasa, natija sezilmasligi aniq. Xususiy kanallarda jurnalistlar, ayrim jamiyatimizning faol a’zolari adabiy til me’yorlariga amal qilmasligi barchaga ma’lum. Natija esa doimgidek maktablarda yetarlicha o‘rgatilmayotganligiga borib taqalyapti.
Avvallari ota va o‘g‘il maktabdagi ustozning savodini muhokama qilmasdan, badiiy asarlar mutolaasi bilan shug‘ullanishgan, ona qizi bilan qo‘shnisining chiroyli ko‘ylagi, serial va boshqa mayda–chuydalarni emas, balki g‘azalxonlik, bahru-bayt musobaqalariga e’tibor qilishgan.
Achinarlisi, farzandingiz oliy ta’lim dargohida tahsil olsa-da, “hayot” so‘zini yozib ber desangiz qattiq ““x”mi yoki yumshoq “h”” deya savol beradi. Aslida “x” harfining qattiq yumshog‘i yo‘qligini o‘ylab ham ko‘rmagan. Chunki boshlang‘ich ta’limda birinchi ustozi unga shunday ta’lim bergan. Bu muammolarni bartaraf etish uchun nimalarga e’tibor berish lozim? Ularni farqlashda nimalarga ahamiyat berish kerak?
- “x” va “h” harflarini bir-biridan farqlash uchun har bir darsni boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari 5 ta so‘zdan iborat lug‘at diktant bilan boshlashi ( o‘qish, ona tili darslarida);
- Ushbu harflarni o‘z nomi bilan bo‘g‘iz undoshi (h), chuqur til orqa undoshi (x) tarzida o‘rgatishi;
- Ikkala harf bilan boshlanuvchi va ko‘proq qatnashgan so‘zli she’rlar yod oldirishi;
- Bu harflar qaysi til fonetikasida ko‘proq uchrashini aytib o‘tish (h - arab tili, x – fors-tojik tili);
- Chuqur til orqa undoshi “x” va bo‘g‘iz undoshi “h” harflari ishtirokidagi ikki xil so‘zni talaffuz qilish jarayonida bo‘g‘izdagi o‘zgarishni ushlab ko‘rib, qo‘l sezgilari orqali farqlashni mashq qildirishi lozim.
Ruxsora ASADOVA,
Samarqand shahridagi 14-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘qituvchisi.