O‘quvchisiga «Spark» olib bergan o‘qituvchi, fortepyanoni sayratgan hokim, dalalarini yalangoyoq kezgan fermer
Har gal xizmat safariga chiqqanimda, u yoki bu mavzuda maqola tayyorlash uchun joylarga borganimda suhbatdoshlarimdan imkon qadar ko‘proq ma’lumot olishga harakat qilaman, har bir detal asqotadi ba’zida. Shunday kezlari sohasining fidoyilarini uchratib qolsam, xuddi xazina topgan odamday quvonchimni ichimga sig‘dirolmayman. Va kelasi safar o‘z sohasining jonkuyar fidoyilari, albatta, navbatdagi maqolamning qahramoniga aylanadi.
Quyida hikoya qilmoqchi bo‘lgan safardagi hamrohlarimning har biri o‘ziga xos iqtidor egasi, sohasining bilimdonlari ekaniga safar davomida amin bo‘ldim. Garchi bu ayollar bilan ilgari hamsuhbat bo‘lgan, ba’zilari haqida ko‘p ma’lumot bilsam ham. Gap Xalqaro xotin qizlar kuni munosabati bilan poytaxtda o‘tkazilgan bayram anjumanlariga Samarqanddan yo‘l olgan bir guruh ayollar haqida bormoqda.
- Bir umr ayollar bilan ishlaganman, doim ularni turli anjumanlarga jo‘natar, kezi kelganda ko‘ylaklar tiktirtirib berishgayam bosh bo‘lardim, ammo o‘zim ilk bor mamlakatimiz rahbari ishtirok etayotgan anjumanga borishim, -deydi mehnat faxriysi Dilbar Imomova. - Shu yoshimda bo‘lsayam bu anjumanga borishning o‘ziyoq menga mas’uliyat yuklaydi.
“Afrosiyob” tezyurar poyezdida yo‘lga chiqqan ayollar turli soha vakillari bo‘lsa-da, ular shu jamiyatning jonkuyarlari, har bir tashvishidan qalbi og‘riydigan, yutug‘idan quvonadigan, fikrlari mushtarak bo‘lgani uchun suhbat osongina o‘z o‘zanini topdi.
Oilalardagi notinchliklarda, farzandlarga bu holatlarning nechog‘lik salbiy ta’siri haqida gap boshlarkan, SamDU umumiy psixologiya kafedrasi o‘qituvchisi Abira Bahromova oilalar bilan o‘tkazgan amaliy jarayonlar haqida so‘zlab berdi. Viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi bosh mutaxassisi Farog‘at Shokirova bu masalada olib borilayotgan ishlarni raqamlarda ifodaladi. Oilalalardagi muammolar, yutuqlar mavzui jamiyatdagi o‘zgarish, islohotlarga ulanib ketdi.
Toshkentga borgach, samarqandlik ayollar boshqa viloyatlardan kelgan xotin-qizlar qatori izzat-ikrom bilan kutib olinib, shahar markazidagi mehmonxonalardan biriga joylashdilar. Mehmonxona turli viloyatlardan kelgan, ko‘ksida medallari yarqiragan, fidoyi, kamtargina o‘tirsa-da anchagina marralarga erishib qo‘ygan xotin-qizlarning suhbat maydoniga aylandi. Liftda, mehmonxona foyesida, oshxonada Qahramon, u yoki bu sohada xizmat ko‘rsatgan onaxonlar, chempion qizlar, olimalar, hokim opalar bilan to‘qnash kelib qolasiz.
- Hokimiyatdan poytaxtga bayramga borasiz, deyishsa, voy, o‘quvchilarimni qanday tashlab ketaman uch kunga, debman, - gapga ko‘p aralashmay o‘tirgan Nigora Husanova xonadosh bo‘lganimdan so‘ng, yakkama yakka qolganimizda ancha «ochildi». - Paxtachi tumanining chekka qishlog‘idagi 24-umumta’lim maktabida ona tili va adabiyot fanidan dars beraman. 2019 yili ikki o‘quvchim turli yosh toifasida “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichida qatnashdi. Biri - Muhayyo O‘roqova birinchi o‘rinni egallab, «Spark» avtomobili sovrindori bo‘ldi, ikkinchisi to‘rtinchi o‘rinni band etdi. O‘quvchilarga kitob o‘qitish qiyin, deyishadi. Lekin o‘qituvchini o‘zi kitob o‘qishi, o‘z ustida izlanishi kerak, avvalo.
Nigoraxonning ishdan bo‘sh payti asalarichilik bilan shug‘ullanib, farzandlari bilan kartoshka yetishtirishi, kechasi non yopib, vaqti qolsa kashta tikishini eshitib tasanno aytdim.
Anjuman qatnashchilari birinchi kun “Motamsaro ona” haykali poyiga gullar qo‘yib, yangi barpo etilgan “G‘alaba bog‘i”ni tomosha qilishdi. Bog‘dagi «Shon-sharaf» muzeyi tomoshasi ko‘pchilikni hayratga solish barobarida urush yillaridagi alamli voqeliklarni jonlantirish orqali nigohlarni yoshladi. Poshnali tuflida aylangan ba’zi ayollarning charchadim deganday holiga narpaylik O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan paxtakor 70 yoshli Zaynab opa Haydarova «Men dalalarimni yalangoyoq aylanardim, har tikoni qayerdaligini bilaman, “G‘alaba bog‘i”ni aylanishdan charchash mumkinmi?», deya yoshlarni uyaltirib qo‘ygani ham rost.
Kechki taomlanishdan so‘ng turli viloyat ayollari bir biri bilan suhbat qurishiga imkon bo‘ldi. Mehmonxona foyesida to‘satdan mayin musiqa ovozining yangrashi hammaning diqqatini tortdi. Oppoq fortepyanoni sayratayotgan ayolni suratga tushiruvchilar ko‘paydi. Bilsak, opa Buxoro viloyati Olot tumani hokimi ekan. Birmuncha sharoiti og‘ir tumanni boshqarishda qiynalmayapsizmi, degan savolimga ham opa musiqaga bog‘lab javob berdi.
- Bilasizmi, men hech qachon oson yo‘lni tanlamaganman, - dedi Nargiza Ne’matova. - Yetti yoshimda fortepyanoga qatnagan bo‘lsam, a’lo o‘qish barobarida musiqani ham tashlab qo‘ymadim. 50 nafar qizning orasidan 5 nafari fortepyano sinfini tugatdi. Musiqani tushunganlar juda yaxshi biladi, ushbu musiqa sinfida o‘qish juda mashaqqat. Ammo maqsad qo‘ysam, uni oxirigacha bajarishni o‘sha payti o‘zlashtirganman, desam xato qilmayman. Keyin ToshMIga o‘qishga kirdim. Rus tilida umuman gaplashmasdim, ammo tahsilni rus tilida o‘tdik. Institutda ham ko‘p o‘tmay a’lochilar safiga qo‘shildim. Aytmoqchimanki, bu hayotda mashaqqat chekmasdan hech nimaga erishib bo‘lmaydi. Bu mashaqqatni yengib o‘tish uchun aql ishlatib, mehnatdan qochmaslik kerak, xolos. Mening ishdagi sirim shu. Bundan boshqa yo‘lni bilmayman.
Keyingi asosiy kun - mamlakatimiz rahbari ishtirok etib, nutq so‘zlagan anjuman voqealari ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi. Biz ham barcha ishtirokchilar qatori Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning minbardan tushib, dasturxon atrofida, viloyatlar, chekka qishloqlardan kelgan ayollar bilan suhbatlashganidan ta’sirlandik. «Maqsadim eng chekka qishloqdagi xotin-qizlarning ham og‘irini yengil qilish, ko‘zida yosh ko‘rmaslik», dedi davlatimiz rahbari.
...Poyezdda Samarqandga qaytarkanmiz, allaqachon axborot saytlarida samarqandlik senator Gavhar Alimova, fermer opamiz Zaynab Haydarovaning suratlari tarqalib ketganini ko‘rdik. Taraqqiyotning shiddati axborot tarqalishi tezligi kabi oshib borayotgani yana bir bor e’tirof etildi. Viloyat hokimining xotin-qizlar bo‘yicha maslahatchisi Sayyora Jumayeva barcha ishtirokchilarni kuzatarkan, yana bir karra bayram bilan qutladi.
Darvoqe, bayram muborak bo‘lsin, muhtarama onalar, opa-singillar!
Gulruh Mo‘minova.
Samarqand-Toshkent-Samarqand.