O‘rmonchilar shirkatida noqonuniy yer sotganlar 300 ming dollarni o‘z egalariga qaytardi
Bundan bir oy avval ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand tumanidagi Xo‘jag‘unjoyish mahallasida o‘rmon xo‘jaligiga tegishli yerlarda qurilgan binolar hokimlik tomonidan buzdirilayotgani haqida xabarlar tarqalgan va bu keng muhokamalarga sabab bo‘lgan edi.
Shundan so‘ng Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov masalani joyida o‘rganib, aholi bilan uchrashgan edi. O‘rmon xo‘jaligiga qarashli yer maydonida mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari yetishtirilishi, o‘rmon tashkil etilishi kerakligi belgilangani, faqatgina 1,25 gektar maydonda o‘rmon xo‘jaligi xodimlarining vaqtincha yashashlari, dala hovli uchun ruxsat berilgani ma’lum qilingandi. Ammo keyingi besh-olti yilda bu yerlar ayrim shaxslar tomonidan noqonuniy tarzda sotib yuborilgan. Endi bu yerdagi uy-joylar va boshqa binolar buzilar ekan, aholiga va tadbirkorlarga yetkazilgan zarar noqonuniy tarzda yer sotgan kishilardan undirib berilishi ta’kidlangandi. Buning uchun ishchi guruhi tuzilib, mutasaddilarga aniq vazifalar topshirilgan edi.
E.Turdimov 18 iyun kuni jurnalistlar bilan uchrashuv chog‘ida qayd etishicha, o‘rmonchilar shirkatidagi yerlarni sotgan shaxslar tomonidan shu paytgacha fuqarolarga 300 ming dollar mablag‘ qaytarilgan. Shuningdek, prokuratura organlari aralashuvi bilan 130 ming dollar mablag‘ o‘z egalariga olib berilgan.