Oromgohda ishlaydigan kishining vijdoni uyg‘oq, ko‘zi to‘q bo‘lishi kerak

Viloyat hokimligining bugun o‘tkazilgan sanitar soatida viloyatimizdagi bolalar yozgi oromgohlaridagi holat tahlil qilindi.
Tegishli ishchi guruh tomonidan shu yilning 1-3 iyul kunlari oromgohlarda o‘tkazilgan o‘rganish ishlari yakunlari mutasaddilar ishtirokida muhokama qilinib, zarur chora-tadbirlar belgilandi.
Bugungi kunda viloyatimizda 17 ta doimiy bolalar yozgi oromgohi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda 4 davrada 9310 nafar bola hordiq chiqarishi rejalashtirilgan. Ayni paytda oromgohlarda birinchi davra tugab, ikkinchi davrada 2 405 nafar bola dam olmoqda.
Afsuski, o‘rganish jarayonida aksariyat oromgohlarda obodonlashtirish ishlari talab darajasida olib borilmagani, taom tayyorlash va oziq-ovqat mahsulotlari saqlashda sanitariya talablariga rioya etilmayotgani kuzatildi.
Jumladan, Jomboy tumani xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi “Qaldirg‘och”, Ishtixon tumani tibbiyot birlashmasining “Shifokor gulshani”, Ishtixon tumani xalq ta’limi bo‘limiga qarashli “Quvnoq”, Samarqand tumani xalq ta’limi bo‘limiga tegishli “Uchqun”, Past Darg‘om tumani xalq ta’limi bo‘limining “Yangi O‘zbekiston”, Samarqand shahar xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi “Alpomish”, Samarqand tumani hokimligining “Sitora” bolalar dam olish oromgohlari hududining obodonlashtirilmagani, tozalik va sanitariya qoidalari qo‘pol ravishda buzilayotgani tanqid qilindi. Ayniqsa, Nurobod tumani xalq ta’limi bo‘limiga qarashli “Qo‘shchinor” va Payariq tumani xalq ta’limi bo‘limining “Kamalak” oromgohlari mas’ullar e’tiboridan chetda qolgani qayd etilib, mas’ullarga nisbatan tegishli choralar ko‘rildi.
– Ota-onalar jondan aziz farzandi ta’til vaqtida dam olsin, yaxshi hordiq chiqarsin, deb oromgohga olib boradi, – dedi viloyat hokimi E.Turdimov. – Oromgohlarda, albatta, shunga mos sharoit bo‘lishi, bu maskanlarda ishlayotganlar bolalarni o‘z farzandidek ko‘rib, ularga g‘amxo‘rlik ko‘rsatishi kerak. Shu bolalarning o‘rniga o‘z bolangizni qo‘yib ko‘ring, farzandingizga qanday e’tibor bersangiz, oromgohga kelganlarga ham shunday qarashingiz kerak. Bolaning haqini yeyishdan, uning diliga ozor berishdan qo‘rqishingiz lozim. Bir so‘z bilan aytganda, oromgohga mas’ullarning, bu yerda ishlayotganlarning vijdoni uyg‘oq, ko‘zi to‘q, bag‘rikeng bo‘lishi kerak.
– Ishchi guruhning o‘rganishlari yakunlaridan va viloyat hokimining gaplaridan izza bo‘ldik, – deydi Nurobod tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri Ravshan To‘rayev. – Oromgohlarda bolalarga zarur shart-sharoit yaratishimiz, buning uchun vijdonimiz oldida ham javob berishimiz kerakligini angladik. Bugundan o‘zim oromgohda turib, ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etishga bosh bo‘laman. Shu haftaning o‘zida barcha kamchiliklarni tuzatisha va’da berdim.
Muhokama yakunida bir hafta muddatda oromgohlardagi holat yana qayta o‘rganilishi belgilandi, mas’ullarga nisbatan tegishli intizomiy choralar qo‘llanildi.