Ortiqcha hujjat talab qilganligi uchun OTMlarning 10 nafarga yaqin rahbarlariga intizomiy jazo choralari ko‘rildi
So‘nggi yillarda oliy ta’lim tizimini modernizatsiya qilish, qabul jarayonlariga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Shunga qaramasdan, ayrim oliy ta’lim muassasalari endi katta hayotga yo‘l olayotgan abituriyentlardan ortiqcha hujjat so‘rash hamda zamon talablariga to‘g‘ri kelmaydigan qo‘shimcha talablar o‘rnatish orqali eskirgan usullarda ishlashda davom etishmoqda.
Jumladan, adliya organlari tomonidan Samarqand viloyati misolida so‘rov orqali o‘tkazilgan o‘rganish natijalariga asosan fuqarolardan talab qilish taqiqlangan hujjatlar olinganligi, qonun hujjatlari bilan belgilangan talablarga zid ravishda rasmiy hujjatlarning nusxalari talab qilinganligi va boshqa byurokratik g‘ovlar mavjudligi aniqlandi.
Misol uchun, Samarqand davlat chet tillar instituti abituriyentlardan fuqarolik pasportidan nusxa, soliq to‘lovchining hisobga qo‘yilganligi to‘g‘risida guvohnoma, jismoniy shaxslardan jamg‘arib boriladigan pensiya tizimiga qo‘yilganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma kabi hujjatlarni taqdim etishni asossiz ravishda talab qilgan.
Oliy ta’lim muassasasi qabul komissiyasi abituriyent haqidagi zarur ma’lumotlarni Davlat test markazining maxsus dasturiga kiritib, abituriyentga asl hujjatlarni qaytarishi nazarda tutilgan.
Shunga asosan, Adliya vazirligi tomonidan oliy ta’lim muassasalari tomonidan ortiqcha byurokratik g‘ov va to‘siqlarga barham berish bo‘yicha Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligiga tegishli taqdimnoma kiritildi.
Uning natijasiga ko‘ra, oliy ta’lim muassasalarining 10 nafarga yaqin rahbar xodimlariga turli intizomiy jazo choralari ko‘rildi.
Shuningdek, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan mazkur qonun hujjatlari buzilishining oldini olish va bartaraf qilishga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab olindi.
Ortiqcha byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish yuzasidan adliya organlari tizimli ishlarni amalga oshirishda davom etadi.
Shunga ko‘ra, Adliya vazirligi fuqarolardan byurokratik g‘ov va to‘siqlarning har qanday ko‘rinishiga duch kelgan taqdirda yoki bu boradagi faoliyatni takomillashtirish yuzasidan takliflar mavjud bo‘lganda adliya organlariga murojaat qilishni so‘ragan.