Ota-ona – farzandlar uchun bosh tarbiyachi

Ba’zilar bolani boqib ulg‘aytirsam bo‘ldi, deya tarbiyasiga uncha e’tibor qaratmay katta xato qiladi.
O‘tmishdan bugungacha xalqimiz tomonidan allomalar, avlod-ajdodlardan faxrlanish, ular merosini mukammal o‘rganish, olg‘a surilgan hayotiy g‘oyalardan jamiyatimiz gullab-yashnashi yo‘lida foydalanish, davlat ramzlarining mohiyatini anglash aynan oilada amalga oshirila boshlangan.
Sohibqiron Amir Temur ham o‘z davrida o‘g‘il uylantirish, kelin tanlash hamda farzand tarbiyasini davlat siyosati darajasiga ko‘targanligi ham bejiz emas. Oilaning mustahkam bo‘lishidagi asosiy mas’uliyat oila boshlig‘i zimmasida, deb bilgan Sohibqiron: «O‘g‘illarim, nabiralarim va yaqinlarimni uylantirmoq tashvishida kelin izlamoqqa e’tibor berdim. Bu ishni davlat yumushlari bilan teng ko‘rdim. Kelin bo‘lmishning nasl – nasabini, yetti pushtini surishtirdim. Odamlar orqali salomatligini, jismoniy kamolotini aniqladim, odob - axloqi, sog‘lom va baquvvatligi bilan barcha qusurlardan xoli bo‘lsagina el-yurtga katta tomosha berib, kelin tushirdim» - deydi.
Shuningdek, sarkardaning quyidagi so‘zlari yanada ibratli: «O‘g‘illarim, nabiralarim va yaqinlarimga biron tomchi sharob ichib, xotinlariga yaqinlashishni man etdim. Zero, sharobning ta’siri bunyodidan kelgan farzand nasl-nasabning buzilishiga ta’sir etgay, debon shu pokiza yo‘lni tutdim». Demak, Amir Temur nafosatshunoslikni manbai pokizalik, tartib-intizom oila kuch-qudratini yuksaltirib, jamiyatga poydevor bo‘lishini yaxshi bilgan.
Davlatimizning ayniqsa, ayollarning davlat va jamiyat qurilishidagi rolini oshirish, oilani har tomonlama mustahkamlash, oilada va ta’lim tizimida yoshlarni barkamol qilib tarbiyalash, aholi salomatligini mustahkamlash borasida olib borayotgan siyosatining negizida ham aynan shu g‘oya yotibdi.
Oilada farzand tarbiyasida eng muhim usul bu shaxsiy namunadir. Ota-onaning xatti-harakatlari, yurish-turishi, muomalasi, o‘zaro munosabatlari farzandlarga namuna sifatida katta tarbiyaviy ahamiyat kasb etadi. E’tibor qilganmisiz, ota-onaning o‘zaro janjallari, oilaga, jamiyatga, atrof-muhitga salbiy munosabati, ro‘zg‘orni yuritishdagi pala-partishlilik sharoitida o‘sgan bolalar hayotda ko‘p adashishadi. Aksincha, oiladagi yuksak ahloqiy munosabatini ko‘rgan bola kelgusida oila qurganda ham o‘z turmush o‘rtog‘i bilan shunday yashashga tayyor bo‘lib boradi.
Ota-onaning, avlod-ajdodlarning nojo‘ya xatti-harakatlaridan, nopok ishlaridan farzand ham aziyat chekadi, shunday odamlarning farzandi bo‘lganiga ruhan afsuslanadi. Ba’zi ota-onalar farzandining kelajagini faqatgina moddiy ta’minlashdan iborat deb biladi. Shuning uchun ham turli yo‘llar bilan mol-dunyo to‘plashga harakat qiladi, ochko‘zlik kasalligiga mubtalo bo‘ladi. Bu alfozda to‘plangan boylik esa farzandga baxt emas, baxtsizlik keltirishini hayotda afsuski, ko‘rib turibmiz.
Oilada farzandni tejamkorlikka, tadbirkorlikka, tashabbuskorlikka o‘rgatish, diniy va dunyoviy ilmlar hamda hayot ilmidan voqif etish, kasb-hunar sirlarini qunt bilan egallashlari uchun shart-sharoit yaratib berish, ularning hayot so‘qmoqlarida adashib qolmasligi va ravon yo‘ldan borishda yordam beradi. Yashirib nima qilamiz, ayrim kelinlarning noshudligi, ro‘zg‘orni eplay olmasligi aynan onasida shu jihatning yo‘qligidadir.
Oila tarbiya maskani bo‘lib, shaxsning kelajagi shu maskanda tarbiyaning qanday amalga oshirilishiga, tarbiyachi hisoblangan ota-onaning o‘z burch va vazifalariga qanday munosabatda bo‘lishiga bog‘liqdir. Xo‘sh, siz otasi sifatida farzandingiz o‘zingizdan qaysi yaxshi fazilatni olyapti deb o‘ylaysiz? Umuman bu haqda o‘ylab ko‘rganmisiz?
L.XOLIQOVA,
Sh.YO‘LDOShEV,
Samarqand iqtisodiyot va servis instituti dotsentlari.