Otasining nafaqasiga yashayotganlar…

Mehnat qilib, jamiyatda o‘z o‘rnini topishga harakat qilish tushunchasi ular uchun butunlay yot. Chunki tekin tomoq bo‘lib, birovga suyanib yashashga odatlanib qolishgan. o‘zim guvoh bo‘lgan holatni keltirib o‘tsam.

Mahallamizda besh kishidan iborat oila bor. Oilaning yashash sharoiti og‘ir. Oila boshlig‘i sog‘-salomat, mehnatga layoqatli bo‘lsa-da, ishlamaydi. Mahallamiz faollari kelishib ish topib berishdi, lekin yoshligidan ishlab o‘rganmagan erkak bunga chidamaydi, ishni tashlab ketdi. Oilada pensioner ota bor,  ro‘zg‘or yoshi bir joyga borib qolgan otaxonning pensiya puli evaziga. Oiladagi ayol bechora pensiyani  u oydan bu oyga yetkazaman deb ovora. Holbuki, farzandlar katta bo‘lmoqda, extiyojlar kundan-kunga ortyapti, ammo oila boshlig‘ining parvoi falak. Pensioner otaxon o‘g‘lini tarbiyalashda mehnatga o‘rgatmagani, ilmli qilmaganidan afsusda.

Jamiyatimizda shunday insonlar borki, mehnat qilishga kuchi bor, sog‘lig‘i joyida, lekin dangasa. O‘zimga yaxshi tanish bo‘lgan talabalar orasida ham shundaylar uchraydi. O‘zi mexnat qilmay, vazifalarni to‘liq bajarmay, xo‘jako‘rsinga dars qiladi, yana domla bilan baho uchun tortishadi.

Fikrimizcha, kambag‘alikning asosi dangasalik va bilimsizlikdir. Mehnat qilmasdan boqimanda  bo‘lib yashash yoki meni peshonamga yo‘qsil bo‘lib yashash bitilgan  ekan, "bersang yeyman, ursang o‘laman" qabilida yashash ham kambag‘alikka sabab bo‘ladi.

Jamiyatimizda shunday oilalar borki, topgan tutgani bilan farzandini o‘qitadi, ilmli qilishga intiladi. Yana shunday oilalar ham borki, pul topdi deguncha dabdabali to‘y qilish harakatiga tushadi yo bo‘lmasa hashamatli uy quradi, mashina oladi. Lekin farzandimni o‘qitib, hunarli yoki bilimli qilay, xalqimizga foydasi tegadigan inson bo‘lsin, bir kuniga yaraydi degan fikrlardan ancha yiroqdir.

Bu jamiyatimizning eng og‘riqli nuqtalaridan biri. O‘ylab qarasam, kambag‘allik davolab bo‘lmas kasallik emas, inson mehnat qilsa, yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalansa muhtoj bo‘lib yashamaydi.

Gulsinoy Abdullayeva.