O‘tgan 4 oyda aholidan virusga test olish tizimini barqaror ishlaydigan qilish mumkin edi
Kelayotgan hafta O‘zbekistonda koronavirus qayd etilganiga 4 oy bo‘ladi. Iyul oyining boshigacha hammasi yaxshi edi. Ammo virus avj olib, kasallanganlar soni kundan-kun antirekordlarni yangilamoqda, o‘limlar soniga ajablanmay qo‘ydik, afsuski. To‘rt oy katta muddat, bu davrda juda ko‘p narsani — masalan, aholidan virusga test olish tizimini allaqachon barqaror ishlaydigan qilish mumkin edi.
Ammo bugun davolanish tugul test topshirish oddiy odamlar uchun azobga aylandi. Butun dunyoda hatto ko‘chalarda avtostop, mobil test olish imkoniyatlari yaratilgan bir sharoitda biz hali-haligacha qaysidir pul ko‘rmagan, och tashkilotga qaram bo‘lib, issiqda sarg‘ayib o‘tiribmiz. Ko‘chani dezinfeksiyalash, millionlarni talon-toroj qilayotgan amaldorlarga pul berguncha, o‘tgan davr mobaynida laboratoriyalar, test tizimlarini xarid qilsak, bu jarayonga xususiy tibbiyot muassasalarini jalb qilsak bo‘lmasmidi? Ommaviy ravishda bepul test topshirish imkoniyatini yaratayotgan davlatlarni tilga ham olmaymiz.
Hammasi yaxshi bo‘lgan paytlar xususiy klinikalar test olishga yaqinlashtirilmadi. Masalan, Respublika maxsus komissiyasining 19 aprel kungi qarori bilan nodavlat tibbiyot tashkilotlariga barcha talablariga rioya qilgan holda hududiy sanitariya epidemiologik osoyishtaligi markazlari rahbarlari tomonidan imzolanadigan shartnoma asosida 2020 yil 1 sentyabrga qadar koronovirus infeksiyasini laborator tekshirish bo‘yicha pullik tibbiy xizmat ko‘rsatishlariga ruxsat berildi.
Ammo oradan ko‘p o‘tmay Sog‘liqni saqlash vazirligi, Sanitariya epidemiologik osoyishtaligi agentligi laboratoriyalari yetarlicha imkoniyat hamda quvvatga ega ekanligi, shu sababli xususiy tibbiyot muassasalarini test olishga jalb qilish maqsadga muvofiq emas, deb e’lon qilishdi va Respublika maxsus komissiyasi qaroriga qarshi chiqishdi.
Ammo vaziyat chinakamiga yomonlasha boshlagach, tomdan tarasha tushgandek, oradan ikki oy o‘tib, 24 iyundan boshlab davlat va nodavlat tashkilotlari xodimlari hamda fuqarolar uchun ushbu infeksiyaga tahlil topshirishda ixtiyoriy, pullik asosda nodavlat tibbiyot tashkilotlari xizmatlaridan ham foydalanishga ruxsat berildi. Agar davlat test olishni o‘z bo‘yniga olmasdan, xususiy sektorni avvalboshdanoq bu jarayonlarga jalb qilganida, bugungi gap-so‘zlar, odamlar ovoragarchiligi kamroq bo‘lar edi.
Har qanday kasalni davolashning birinchi talabi haqiqiy vaziyatni bilish hisoblanadi. Hozircha virus tarqalishiga qarshi butun dunyo tan olgan eng samarali usullardan biri ommaviy test olish bo‘lib turibdi. Simptomi bor odam test topshirguncha azobini ko‘rsa, topshirgan testi ham 2-3 kunsiz chiqmayotgan bo‘lsa — bu virusga qarshi kurash emas. Bu uch oylik muddatdan to‘g‘ri xulosa chiqarilmaganidan, boshning o‘rniga nafs ishlatilganidan boshqa narsa emas. Shunchalik ham bo‘ladimi?
Bundan ikki oy oldin deputat Akmal Burhonov “bu yutuqlar tibbiyotniki emas, balki mamlakatda o‘z vaqtida ko‘rilgan karantin choralari natijasi”, deganda qanchalik haq edi. Shunchaki osonroq, dostupniyroq test olishni yo‘lga qo‘ya olmagan tizimning ko‘rgiliklari hali oldinda. O‘zingizni ehtiyot qiling, sizu bizni tibbiyot tizimi emas, karantin asrab qolishi mumkin.
P.S.: Hammaning joni o‘ziga shirin, joni, jigari azob chekayotganda, odamlar jim turmaydi. Ularni vahima qilma, yolg‘on xabar tarqatma, deya jazo bilan qo‘rqitib bo‘lmaydi. Kabinetida konditsioner salqinida ishlab o‘tirgan chinovniklar birovga telefon qilmasdan, oddiy odam sifatida bir test topshirib ko‘rsin. Issiqda 5 soat turib, shunda ham topshirolsa — test topshirib, test natijasini 2-3 kun yurak hovuchlab kutsin. Ko‘p narsani tushunishardi.