O‘tkir Hoshimov Imom Buxoriy va Amir Temur xalqimizning bir necha asrlik madaniyati, diniy e’tiqodi, milliy davlatchilik tarixi bilan bog‘liqligini e’tirof etgan

Samarqanddagi O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimov tavalludining 80 yilligi munosabati bilan adabiy-musiqiy tadbir o‘tkazildi.

Ma’naviyat va ma’rifat markazi Samarqand shahar bo‘limi, Pushkin nomidagi viloyat axborot-kutubxona markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda samarqandlik shoir va yozuvchilar, oliy o‘quv yurtlari va maktablar o‘qituvchilari, adabiyot ixlosmandlari qatnashdi.

  – Davlatimiz rahbarining 2020 yil 2 dekabrdagi qaroriga ko‘ra, joriy yilda yurtimizda o‘zbek adabiyoti va madaniyati rivojiga unutilmas hissa qo‘shgan atoqli adib va jamoat arbobi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi O‘tkir Hoshimovning 80 yilligi keng nishonlanmoqda, bu ulug‘ ijodkor xotirasi abadiylashtirilmoqda, – deydi Ma’naviyat va ma’rifat markazi Samarqand shahar bo‘limi rahbari N.Sa’dinova. – Biz ham adib ijodiy merosini o‘rganish va keng targ‘ib etish, ayniqsa, bu orqali yoshlarda yuksak insoniy fazilatlarni shakllantirish maqsadida bugungi adabiy kechani tashkil etdik. Pandemiya sharoitini hisobga olib, shahardagi maktablar o‘qituvchilarining tadbirda onlayn ishtirok etishi uchun imkoniyat yaratdik. Ular va boshqa ishtirokchilar viloyatimizning taniqli ijodkorlaridan O‘tkir Hoshimov hayoti va ijodi bilan bog‘liq qiziqarli xotiralarni tingladilar.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zoi F.Toshev O‘tkir Hoshimov Samarqandga kelganida, avvalo, Imom Buxoriy ziyoratgohi va Amir Temur maqbarasini ziyorat qilishini va bu ikki daho nomi xalqimizning bir necha asrlik madaniyati, diniy e’tiqodi, milliy davlatchilik tarixi bilan bog‘liqligini ta’kidlashini qayd etdi.

Samarqand davlat universiteti dotsenti, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi R.Soliyev adib asarlarida milliy turmush tarzimiz yaqqol aks etgani, oilada farzand tarbiyasi, ota-onaga hurmat, Vatanga muhabbat g‘oyasi ustuvor ekanligini ta’kidladi.

Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari  T.Tugalov va boshqa ijodkorlar ham O‘tkir Hoshimov haqidagi o‘z xotiralari bilan o‘rtoqlashdi.

Viloyat axborot kutubxona-markazi xodimlari tomonidan adib hayoti va ijodi haqida tayyorlangan videolavha, viloyat teatri aktyorlarining chiqishlari ham ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.