Otning gapirarga tili yo‘q, xolos

Sizga aytarlarimizni oqizmay – tomizmay gapirib bergan Qodir chavandoz bugun yuz yosh bilan yuzlashish arafasida. Shu bovaning uyida esimni bilganimdan buyon ot kishnaydi. Yil – o‘n ikki oy u kishining ot ayvonida chiroq yonadi. Chavandozning otga mehri tushgan. Tushganda ham baland tushgan.

Qodir chavandozni Oqtov, Qoratovdan tortib, Zarafshon bo‘yi, Qizilqumgacha ko‘p tanigan va unga havas qilgan. El-ulusda orttirgan unvoni - polvon bo‘ldi. Ishqibozlar siylovining barini ko‘rdi...

Har zamondan bir zamon, deganlaricha bor ekan. Hozirgilar aytarlarimizni “ertak” deydi. Desa der, ularning ishi...

O‘tgan asrning 70-yillarida chavandozlarga ko‘z tiydi. Yo‘q, aslida qatag‘onga uchradi. Ot o‘yinlarining hammasiga taqiq qo‘yildi. “O‘rta asrdan qolgan sarqit”, deya qoralanib, majlislarda uzundan uzun qarorlar qabul qilindi. Ot deganiga qirg‘in boshlandi. Ne bir nomdor uloqchi tulporlar go‘shtga topshirildi...

Avazsoyning Oqtepa qishlog‘ida Sulton bobo degan bir dangal, jo‘mard otboz o‘tgan. Keksayganida Dunan laqabli jiyron otga ko‘ngil qo‘yib, sirdosh, yo‘ldosh bo‘lgan. O‘zi yemaganini shu otga yedirgan. Go‘shtga olish navbati shu otga kelib, “kattalar” somon tashishga mo‘ljal qilingan mashinani naqd darvozasiga tirab, “otni ortasan”, deb turib olishganida men ham ittifoqo shu yerda edim.

Sulton bobo u dedi ko‘nishmadi, bu dedi quloq solishmadi. Har qancha aytgan so‘ziga pinak buzishmadi, aksini qilib, “bir otga shunchami, oqsoqol odamsiz”, degan avrashlarga o‘tishgach, alami olti bo‘lib, “kattalar”ning birini chetroq tortib, bir muddat pichirlab gaplashdi. So‘ng birdan qo‘lini siltab, toshib ketdi va zardalanib:

- Ey, baringdi... Bo‘lmasa, bo‘luvsiz qolsin, - dedi-da hov narida turgan otni siniq tovushda, hushtak bilan chaqirdi. Ot yollarini silkillatib, erkalanib, ko‘z ochib yumguncha yetib keldi, boshini egasining yelkasiga qo‘yib, bir-bir nafas olib turdi.

“Kattalar” no‘xtasidan olmoqchi bo‘ldi, ushlatmadi. Haydamoqchi bo‘ldi, peshlatmadi... Ikki ko‘zi egada. Sulton bobo endi bo‘shashgan edi. Hech narsa bilmaganday, otga shirin ishora qilib, dedi:

- Chiq...

Ot mashinaga bir hamlada chopib chiqishga chiqdi-da, zum o‘ng‘arilib, Sulton boboga ko‘zi teshguday tikildi. Ot nimanidir sezar, bezovtalanar, egasidan “sakra” ishorasini kutardi. Buni payqaganlar darhol gajavaning og‘zini berkittirdi. Ot ham, Sulton bobo ham ayriliq ishorasini sezib, tinchlari ketgandi.

Sulton bobo og‘ir jussali edi. Suyanib turgan uchqat hassasiga o‘mgachini tashlab, shimi cho‘ntagidan nimadir olarman bo‘ldi. Gavdasini o‘ng‘arolmay, qalqib ketganida qo‘lidan bir bo‘lak oq qand yerga tushdi. Uni kafti bilan paypaslab topdi-da, otga qarab, tamog‘iga nimadir tiqilganday, mahzungina:

- Dunan! – dedi.

Ikki ko‘zini egasidan uzmay turgan ot bir sakrashda chambarakdan oshib tushdi. Sulton bobo otni quchoqladi, ot Sulton boboga suykaldi... Picha turishgach, Sulton bobo ko‘z yoshi oqib tushayotgan labi bilan kuy chaldi... Ot avvalida dikir-dikir o‘ynadi, so‘ng shashti pasayib, ko‘zi yoshga to‘ldi. Sulton bobo labini hushtak qilib chala-chala yig‘ladi, ot o‘ynay-o‘ynay yig‘ladi...

Inson bilan ot vidolashuvini hech kim ham ko‘tarolmadi-yov. Ko‘ziga yosh kelgan, kelmaganni ajratar holda emasdim, o‘zim ham beixtiyor qo‘shilib yig‘lardim.

Ammo “kattalar”dan shafqat bo‘lmadi. Shu zayl Dunan go‘shtga ketdi. “Oqqan ariq oqadi”, deganlari rost ekan. Avazsoy otsiz qolmadi. Yo‘li topilib, ot ham qilindi, ko‘pkari ham chopildi. Yoshlarga ko‘ngil berib, tasalli bilan ot tuttirgan, choptirgan oqsoqolning peshi Qodir chavandoz bo‘ldi, desam g‘araz chiqmas-ov. Navbati bilan “Ot o‘rnini toy bosib”, yangi chavandozlar tilga tushdi. Birini yozsam, qolgan biri o‘pkalar, alqissa, yoshlar maydonni to‘ldirdi. Maydon beega, dasht beot qolmadi...

Ana shunday. Otdan eshitsa yoki aytsa, oshib-toshib ketar gurunglarning ko‘pini eshitganman. Anchasini sarishtalab yozdim ham, gazeta-jurnallarda o‘qiganingiz bordir. Hali bir kitoblik eshitganlarim, yozar gaplarim bor. Shulardan bir shingilini sizga ilindim.

Farosat

Kolxoz vaqti deng, biz yosh bola. Qirq beshinchi yil, g‘alla avj, ot avj. O‘n ikki-o‘n uch yoshli o‘smirmiz. Tengi-to‘shimiz bilan yoz – olti oy egardan tushmay, xirmon yanchamiz. Na tinim bor, na qo‘nim. Yigitlarning sarasi frontda. Ish ham, tashvish ham biz kabi o‘smirlar, xotin-xalajga qolgan. Boshga tushganini ko‘z ko‘radi, deganlaridek, tolishga ham, charchashga ham haqqimiz yo‘q davrlar. Ot ustiga minib, yolini bir silasak yoki bir lukkillatib sug‘orib kelsak, chiroyimiz ham, charchog‘imiz ham tarqab ketardi. Odamlaru otlar zo‘r edi. Qo‘shda ham, xirmonda ham ot. Beminnat jonivor qishloq uchun bebaho ne’mat edi.

Xullas, bir kuni charchagandan charchadik. Otlar cho‘zilib, xo‘pchilar (xirmon yanchuvchilar) tim-tik bo‘ldi. Xirmon begimiz Safarboy bobo ishorasi bilan to‘xtab, otlarni chorga (bug‘doy saralangandan keyin qoladigan qoldiq) qo‘ydik. Ular lablarini uzun cho‘zib, suvlig‘ini shiqillatib, yemishga tarmashdi. Men xirmonga boshimni qo‘yib, chalqancha yotgancha otlarni kuzatib, maza qilaman...

Bir vaqt otlar birin-ketin boshini siltab ko‘tarib, qiblaga burilishdi. Og‘zidagini ham chaynamay, ne vaqt dong qotib turishdi. Hushyor tortdim. Savol so‘raganday bo‘lib, xirmon begiga qaradim:

- Bobo, nima bo‘ldi?

- O‘takang yorilmasin, birov kelayotgandir-da.

- Qani?

- Hanov cho‘p tovoqni olda, teskari qo‘yib quloq tut. Kelayotganni qulog‘ing “ko‘rsatadi”.

Ishonib-ishonmay, aytganini qildim. Voqean, uzoqdan chopib kelayotgan tuyoq tovushi ravon eshitilib turardi. Ko‘p ham o‘tmay, bir qora ko‘rindi. Tanidik. Qayum mol duxtir. Qo‘liga eshib o‘ragan belbog‘ini boshi uzra ozod aylantirib, ovozi boricha jar solib kelayotir:

- Urush tugadi, og‘ayin, urush tugadi! Suyunchingni qo‘yningdan ol, urush oxir bo‘ldi, og‘ayin! Urush tugadi!

Duv o‘rnimizdan turdik. Hamma qotib qolgan. Xursandchilik ham qiziq bo‘lar ekan. Safarboy bobo shilq-shilq yig‘laydi. Ko‘zidan oqib, soqoliga tushayotgan duv-duv yoshlarni artmaydi ham. Otlar bizga tikiladi. Biz shodon qiyqiramiz:

- Urre, urush tugadi!

To‘riq va uch bo‘ri

Avazsoyda ovozasi ketgan Tarlonko‘k naslidan bir To‘riq ot o‘tdi. Ta’rifida tengi yo‘q, minsang, mingi yo‘q. Bu jonivorda sen bilan men gapiradigan birgina til yo‘q edi. Boshqa hamma xislat bor unda.

Shu ot To‘riq nomi bilan Nurota, Qizilqum, daryoning u beti, bu betida dovrug‘ soldi. Go‘ro‘g‘lining G‘irko‘k otidan, Alpomishning Boychiboridan o‘zsa o‘zdiki, kam bo‘lmadi. Menman degan yigitlar egariga bir o‘tirib, davraga bir kirishni qanchadan-qancha orzu qilmadi deysiz. Bu jonivorning chini bilan dovi bor edi, dovi...

Biz otboqar. To‘riq esa uyurning “begi”. Ko‘nglimiz tinch. Uch-to‘rt kun, hafta o‘tib, baytallarni bir ko‘zdan o‘tkazib kelamiz. Sababi, bu chobrada To‘riqning zarbini yemagan ayg‘iru bo‘ri yo‘q.

Bir kuni deng, boshlig‘imiz O‘roqboy aka bilan tong sahar uzun-kalta bo‘lib, Rasulberdidan yo‘lga chiqdik. Azon tog‘ belidagi yaylovga yetganimizda otlarimiz pishqirib to‘xtadi. Bundan sergaklandik. Bu bir noxushlik belgisi edi.

Uyur notinch, baytallar toylarini to‘shiga olib, larsillab zir aylanadi, qaltiraydi. Hay-hay qildik, naf yo‘q. Sal kun yorishgach, uyurdagi katta-kichik ot og‘zidagi ko‘pikni, tanasidagi tomchilab turgan terni ko‘rib, payqadikki, kechasi bilan otlar tin olmay, galasi bilan to‘p bo‘lib, u qirdan bu qirga yugurib chiqqan.

Uyurda “bek” - To‘riq yo‘q. Olazarak bo‘lib, ovoz berdik. Bir payt guldirakday guldiragan ovozi uch-to‘rt qir naridan hayqirib keldi. Ot uch bo‘rini xuddi kuchukday oldiga solib, quvib yuribdi. Namozshom otlarga bo‘ri dorigan ekan. Lekin To‘riq uyurdan na bir otni, na bir toyni beribdi bo‘rilarga. O‘roqboy aka chopib kelib, otning bo‘yniga osildi. Quchoqlab, peshonasi, yuz-ko‘zidan o‘pdi...

Soyimizda mana shunday bahosi yo‘q To‘riq o‘tgan edi. Uni ko‘p eslayman. Gohi-goho tushlarimga kiradi. Orzu qilaman, umid qilaman, shu To‘riqlarning avlodi yana qaytarmikan, deb. Nomi zurriyodsiz, benasl o‘chib ketmasmikan?

Mahovat emas

Qadimgilarning gurungida yasamalik bo‘lmasdi. Mardum deganingiz g‘iybatu oldi-qochdilarga qo‘shilmas, chavandozu otning zo‘ri tildan tushmasdi. Oriyat kuchli edi, kattalarning so‘zlarini yoshlar yutinib-yutinib tinglashardi. Endi u suhbatlar yo‘q, samarilik Xolmurod muallim aytmoqchi: “Ot minganlar yer bo‘ldi, eshakbozlar zo‘r bo‘ldi”.

To‘riq yeyarda ham pesh edi, kuchda ham. Otboqarlar ko‘rik paytlari uyurni haydab kelish uchun so‘zsiz uning egariga qo‘nishardi. Ming bir xislati bor edi uning. Agar zarb bilan kishnasa, e yo‘q, be yo‘q, otmi, baytalmi, toymi, oldiga tushib, xuddi shamolday shovlab, enib kelardi, degan so‘zlarni Mavlon akamizdan ko‘p eshitganman. Ha, rost. Bir uchini biz ham ko‘rganmiz...

Mavlon bobo deganimiz Parda bobo degan chavandoz bilan otni sinamoq bo‘lishadi. Ikkovlashib xirmondan naqd oltmish kilo bug‘doyni taroziga solib, g‘alvirda elab, toshini terib, To‘riqning oxuriga soladi. Xoh ishoning, xoh ishonmang, ot bir kunda uni pok-pokiza yeb, hal qiladi. Ammo keyingi ko‘pkarida ot o‘zini ko‘rsatib, afsonaviy tomosha bergach, har kim savoliga yarasha javob oladi.

To‘riqni mingan chavandozlar davrani hayratga soladi. Ha-da, otning zo‘ri - chavandozning obro‘yi. Ot ikki-uch otni ozod sudrab, hech narsa ko‘rmaganday, to‘dadan otilib chiqaveradi. Bo‘ladi qiyqiruv, bo‘ladi qiyqiruv!

Minglar shohid katta bir voqeani aytay, og‘ayni. Otning qanoti borligiga to‘plangan xaloyiq haqrost shohid bo‘ldi. Hayratga tushmagan qolmadi. Ko‘pning aqli shoshdi.

Avazsoyning qibla tarafida, bir beldan so‘ng Sarmish degan soy bor. O‘sha paytda u yerda xalq ko‘p, bir jiyin ko‘pkari bo‘ldi. Ot qaynab chiqdi. To‘riqda Mavlon akamiz. Solimning zo‘rini ham, maqtovning borini ham To‘riq bilan Mavlon akamiz oldi.

Ajirim qishlog‘ida Quvondiq Ergash degich chavandoz bo‘g‘ich edi. Bo‘zbola paytlari uning har yelkasida bir yigit o‘tirardi. Mana shu odam yuragi toshib, Mavlon chavandozga tik kelib, bir so‘z aytdi:

- Mavlon aka, shu otning uzangisiga mening ham oyog‘im bir tegsin!

- Quvondiq, meni baxil bilma, sabilning jilovi shax.

- Aka, men ham ot ko‘rganman.

- Obbo, kel, yigitning so‘zi singuncha, shaytonning beli sinsin. Ma, ol, omadingni bersin.

Quvondiq Ergash otning ayili, pushtanini qayta tortib, jugani, suvlig‘ini rostlab, belini mahkam bog‘lab, ko‘pdan fotiha olib, davraga ot soldi. Shu ketishda bir huv bilan to‘dani teng ikkiga yorib, uloq olib ketayotgan otga tenglashdi. Bir zarb bilan chavandozdan uloqni tortib oldi. Bo‘ldi hayqiriq, bo‘ldi hayqiriq...

Ot toshdimi yoki qaynab turganidanmi, Quvondiq Ergashni uloq bilan tikka bir katta tepaga olib chiqib ketdi. Chavandoz ikki oyog‘ini uzangiga ozod tirab, joni boricha jilovni tortdi. Ot temir suvliq zarbidan tersiga burildi. Lekin shiddati pasaymay, xuddi quyunday pastga engashdi. To‘g‘ri soydan kelgan selday tomoshabinlar turgan ayvonga yaqinlashdi. El shoshdi. Ayvon qiya joydan qilingan. Orqasi yer bilan teng, oldi besh-olti metrlar chamasi baland. Supasidan pasi notekis. Gir-atrofi to‘la odam. Usti ham, ichi ham g‘ij-g‘ij. Ishoning, ishonmang, To‘riq mana shu ayvondan uchib o‘tdi. Yo karomatingdan, yana omon-eson yerga tushib, hech narsa ko‘rmaganday chopib ketdi. Necha birlar hay-haylab, necha birlarning aqli shoshib, hamma hangu-mang qoldi. Na o‘zi, na chavandoz, na tomoshabin shikastlandi. Otni bir amallab to‘xtatgach, Mavlon aka jilovdan oldi. Bitta-yarimta oqsoqolning so‘zi bilan ot ko‘pning ko‘zidan sal nariga yetaklandi...

Ko‘plar To‘riqda qanot bor desa, ishonardi. Kechagiday esimda, shu ko‘pkarida urilgan qarsakdan qo‘llar qabardi, birovlar happoylab, garovga yer o‘lchadi: otning sakragan masofasi ayvongacha uch-to‘rt metr, ayvon uch-to‘rt metr, ayvondan berisi to‘rt-besh metr chamalanib, ayrimlar bu voqea bo‘lgan bo‘lmaganligiga o‘sha joyning o‘zida ishonib-ishonmay turibdi...

Oradan biroz vaqt o‘tib, tuman markazi - Nurotada bir ko‘pkari bo‘ldi. Bu gal ot Salom Shovqida edi. U ham tutganini qo‘ymaydiganlar xilidan edi.

Ko‘pkarini shayton o‘yini deganlarining sababi bor. Taraf-taraf chopiladi. Chavandozlar chapanilashib, o‘zini ham, ko‘zini ham sezmay qoladi. O‘sha ko‘pkarida deng, chavandozlar torta-tort qilib, xuddi quyunday ot qo‘yishib kelyapti. O‘rtada To‘riq. O‘ngu so‘li, orqasi to‘p-to‘p ot. Jonivor qanday qilib bo‘lmasin, uloqni olib chiqsam, degan shashtda. Faqat oldi ochiq, oldinga intiladi. Shu payt tomoshabin to‘la aravalarga yaqinlashib qoldi. Ko‘pchilikning kapalagi uchib ketdi. Atrof g‘ij-g‘ij odam. Kolxozlarning kutak aravalari devor qilib terilgan. Jonivor to‘pdan o‘zib chiqdi. Bir cho‘zilib, o‘zini osmonga otdi. Tomoshabinning nafasi ichiga tushdi. Ot esa ozod sakrab, aravaning ustidan o‘tib, uch-to‘rt metr nariga tushdi. Bir kimsa lat yemadi. Nurotaning qadimgi ko‘pkari maydoni olqishdan yorildi-yov...

To‘riq mana shunday edi. Afsuski, bugun shu otdan zot qolmadi, benasl ketdi. O‘sha paytlarda tumanda otchilik bo‘yicha chechen millatiga mansub Sarjin bobo degan bosh zootexnik bo‘lgan. Juda bilimdon edi. Shu odam ko‘pchilik oldida, Nurota ko‘pkari maydonida mana shunday degan edi:

- Og‘aynilar, bunday ot ham, bunday zot ham bir bitgan. Men bilgan tevarak-atrofda bundan o‘zgasi yo‘q. Shu otning naslu nasabi bo‘lgan otlar deyarli frontga olindi. Avazsoy otlarida xislat bor. Buni bilib qo‘yinglar...

Ha, Tarlonko‘kning avlodi To‘riqning nasli xuddi Boychibarday, xuddi G‘irko‘kday ko‘pkari bellashuvlarda bel bo‘ldi, frontda o‘t, qon kechdi. Buni bilgan bildi, bilmagan og‘ziga kelganini aytib yurdi.

Ozuvli baytal

Ozuvli baytaldan Avazsoyda ikkita o‘tdi. Ular ham kolxozning mulki bo‘lib, yuqorida ta’kidlangan To‘riqning naslidan edi. Ot olti yoshiga yetganida yuqori-pastki jag‘idan yakka-yakka bo‘lib, to‘rtta mustahkam tish chiqadi. Shuning uchun ham bu otni ozuvli, deyishadi. Baytalda esa bunday tish bo‘lmaydi. Agar ularning mingdan birida uchrab qolsa, u baytal nazarkarda deyiladi. Shunday baytallarning birini bizda Umrzoq Turg‘unov, birini O‘roqboy Ahatov mindi.

O‘roqboyning baytali rangi ko‘kish bo‘lib, “O‘roqboyning Zambari” nomi bilan mashhur edi. Uni bir mingan kishi qaytib tushmasam, deydi. Ko‘plar shu baytaldan toy olishga qiziqdi. Lekin u ot bilan qo‘shilmadi. Hatto Sarjin bobo ham ne bir usullarni qo‘lladi, foydasi bo‘lmadi.

Baytal mahovatli edi. Sarjin boboning o‘lchamicha otning uzunasi uch metr, balandligi 1 metr 70 santimetr, uzangidan uzangigacha bo‘lgan beli chamasi ikki metr edi. Bir bo‘lsa, shunchalik bo‘larli ot edi. Yursa, bir to‘p otning dupurini berar, ko‘pkarida menman degan otga ustunlik qilardi. Pesh aqli ham bor edi.

O‘roqboy akaning Bozor kampir degan qaynonasi bo‘lardi. Otboqarlar qishloqdan bir-ikki chaqirim naridagi Rasulberdida yashashardi. Kuyovi keksa kampirni qishloqqa jo‘natmoq uchun Zambarning ustiga mindirib, orqasiga o‘g‘linimi, qizinimi o‘tqazadi. Yo‘lda kampirni yo‘tal tutib, bir-ikki “ehe”, “ehe” deydi. Baytal uchun bu “huv, huv” eshitilib, kampir va navara ustida choptirib ketadi. Momo yig‘laydi, bola yig‘laydi, dod solishadi. Lekin ot ular qaysi tomonga qiyshaysa, sovrisi bilan suyab, chopaveradi. Toza dod solib yig‘lagach, payqaganday bo‘lib, tappa-taq to‘xtaydi. Ustidagilar o‘ziga kelgach, yana yo‘lga tushadi.

Urushdan keyingi yillarning birida Qoraqarg‘ani ot bo‘yi qor bosadi. Hozirgiday texnika yo‘q. Ishonch otlarda bo‘lgan davrlar. Ne bir maqtalgan otlar qalin qordan o‘mganini ko‘tarolmay, botib qolganida, Zambar ish ko‘rsatadi. Ustida odam bilan ot bo‘yi qorni to‘shi bilan tilib, Nurotaga yo‘l ochib beradi.

Asl mol edi jonivor. Jilov ham, qamchi ham kerak emas edi. Qayerga boshini bursang, tippa-tik ketar, ayolmi, bolami, ot minganmi, ot minmaganmi, bir ilkis bermasdi. 1955 yili bir ot quvishda baqayidan chiqib, shu-shu qayta joyidan turmadi. Afsona edi chog‘i, u ham bir kelib, bir ketdi.

Xushvaxt baxshi hikoyasi

Xushvaqt degan baxshinamo do‘stim bo‘lardi, otboz edi. Bir umr yaxshi otdan ajralmadi. Otini o‘zidan yaxshi ko‘rardi. “O‘roqboyning baytali” nomi bilan mashhur bo‘lgan Zambarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan.

- Soyning donosi ham, mullasi ham ko‘p bo‘lgan, - deydi Xushvaqt. - Azal-azaldan maraka-movridi mo‘l bo‘lib, yig‘inlari bebaxshi o‘tmagan. Do‘mbiralar qoziq ko‘rmagan, xalqi zerikishdan xayol surmagan. Bir zo‘r baxshisi Mirzo baxshi bo‘lgan. Chertib aytganini, to‘qib bitganini biz bajarolmadik, buning sababi ko‘p.

Baxshi sinchil otboz ham edi. Yilqining zo‘rini tuyog‘idan chiqqan changidan, kelbatini shamolda yelpingan yolidan bilgich, charanasidan chiqmagan toyga baho bergich edi.

Shu odam naqd ellikdan oshib, bir otga oshiq bo‘ladi. Beshrabotda to‘rt yashar toyga ko‘ngil qo‘yadi. Toy kelinchakday serchiroy, toza jiyron, oq yol edi. Shu sababdan laqabi ham Oqyol bo‘ldi.

Baxshi bor puliga shu toyni sotib oldi. Toy ot bo‘lib, ovozasi soyni tutdi. Shaydosi ko‘payib, dovrug‘i to‘rt chobaraga ketdi. Ne bir chavandozlar havasdan nafasini ichiga yutdi. Bu otni ko‘rib, ko‘zi o‘ynamagan yigit qolmadi. Beliga birgina o‘tirishdan umidvorlar kokilidan mo‘l bo‘ldi. U emas, bu emas, Mirza baxshining oshig‘i olchi turib, dovi kelgani rost bo‘ldi.

Soyda Bo‘ron Vakil degan bir davlatmand o‘tgan. U ham zo‘r otboz sanalgan. Ko‘ziga shu Oqyol o‘tday ko‘rinibdi. Yaxshi-yomonni o‘rtaga solib, har na bo‘lsa, baxshini ko‘ndirib, shu otni sotib olmoq bo‘libdi. Boshda baxshi ko‘nmabdi, xarxashasiga qo‘l siltab ketaveribdi. Ammo ish o‘sal bo‘libdi, boy el oqsoqolini to‘plab, dardini to‘kibdi:

- Baxshingiz serulfat odam. Davrasi ham keng. Jo‘ja birday jon. Menga Xudoyim davlat berib, farzanddan qisgan. Shu jiyron menga ovunchoq bo‘larmi deb og‘iz solgan edim, dahmazasi ko‘p bo‘ldi. Aytinglar, baxshi bir tantilik qilsin.

Oqsoqollar bu gaplarni oqizmay-tomizmay baxshiga yetkazibdi. Baxshi unday o‘ylab, bunday o‘ylab, og‘rimagan tishini sug‘urtirganday, rozilik beribdi, ammo ustiga bir tiyin ham qo‘ymabdi. Nimaga olgan bo‘lsa, ana o‘shanga beribdi...

Bo‘ron Vakil ot bilan dovrug‘ solib, yashnab yurgan davrlar o‘zgaribdi. Yurtga Sho‘ro ega chiqib, davlatmandlarning qo‘lidan borini supurib olaveribdi. Yo‘q, deganini quloq qilib, qamayveribdi. Vakilning boshi shishib, oxiri baxshining qoshiga boribdi va yorilibdi:

- Baxshi dunyoning rangi-tusi o‘zgardi, nima deysan, otni sotgan ma’qulmi yoki so‘ygan?

Baxshi g‘azabdan ko‘karib ketib, qahr bilan debdi:

- Sen Vakil boy bo‘lding, et qo‘yding, qorin solding. Ammo farosatda nodonligingcha qolding. Bu otni ahmoq sotadi, befahm so‘yadi. Ko‘pga kelgan to‘y, kolxoz xalqniki bo‘lsa, ber xalqqa, ot soyda qoladi! Shunday qilib, Oqyol soyda qolib, umumning mulkiga aylanibdi.

Xullas, baxshi bir buloq suvi, katta chorvog‘i bilan, boy Oqyol va bor davlati, bisoti bilan kolxozga kiribdi. Oqyol kolxozning mulki bo‘lib, ayg‘ir qo‘yilibdi va necha-necha toylar olinibdi. Bitovning Samani, Devbalandning Jiyroni, Samari bilan Eskining Poygachisi, Oqtepaning Qashqasi va Chashmaning Bo‘zidan kam bo‘lmayin, minganga ham, o‘ziga ham obro‘-e’tibor keltiribdi.

Yaxshilar matal qiladi, shu otning gapirarga tili bo‘lmagan ekan, xolos. Odam tushunarman narsaga aqli yetar, farosati ko‘p ekan. Mahovatmi, haqiqatmi, harqalay, ko‘rganlar bilganlar Quvondiq Ergash degich chavandoz Oqyol bilan gaplashardi, deyishadi. Chavandoz Oqyolni o‘zidan ham ziyod ko‘rgan ekan. Shu sababdan Quvondiq Ergashning laqabi ham “Oqyol” bo‘lib ketgan ekan.

Ot biroz keksaygach, dardga chalinadi. Avaylabgina Nurotaga davolatgani olib borishdi. Yigirma kun deganda sog‘ayib, qozig‘iga qaytadi. Ey, og‘ayinlar, ishoning-ishonmang, “kasal ko‘rdi”ga qishloqning erkagu ayoli keldi. Bu voqea 1946-1947 yillarda edi.

1950 yillarda u ot uyurning xos ayg‘iri edi. Bunday aytilsa, Karajat tog‘idagi jamiki yilqiga ega edi. Otboqardan o‘zdirib, dashtga ko‘z quloq edi: sakson, yuz o‘rtasida baytalu toylarni olib yurardi. Tog‘ bo‘risiz bo‘lmaydi. Bir namozshom bo‘ri galasi to‘rt tomondan hujum qiladi. Oqyolning bir o‘zi bo‘rilar to‘dasidan zo‘r kelib, bir toy ham oldirmay, burchini a’lo darajada o‘taydi. Nechovini siqib borib, tepib-tishlab qoyadan tashlatadi. Ammo yoshi o‘tgan emasmi, shu voqeadan keyin yana dardga chalinadi. Umri yetganligini anglab, uyur egasiz qolganligini bildirmoq maqsadida bo‘lsa kerak, qishloqqa yo‘l oladi. Ikki toshlar yurib yiqiladi va Alamli degan joyda jon beradi...

- Otga xalqning mehri shunchalik bo‘ladiki, boshi kafanlanib ko‘mildi. Odamlar janozaga to‘plangandek to‘plandi...

1949 yilning qishi benihoya qattiq keldi. Naqd chillada yerga ikki metrlar chamasida qor tushdi. Ko‘z ochirmay bo‘ron turdi. Shunchalik bo‘ldiki, tuyaning tovoni yerda turmay qoldi.

Qoramolchilik fermasining mollari tog‘ orasida - Rasulberdida qolib ketdi. Masofa olis. Hozirgiday texnika yo‘q. Rahbarlar maslahatlashib, kengashib, jamiki yaroqli otlarni yig‘di. Har biriga yuz kilodan yem orttirib, tavakkal deb yo‘lga soldi. Menda usta Ermuhammadning poygachi Bo‘zi.

Ko‘zni ochib, yo‘lni ko‘rib bo‘lmaydi, faqat chamalab boryapmiz. Na o‘rni bilamiz, na chuqurni, dala dasht birday oppoq.

Bo‘z naqd filday quvvatli jonivor edi, to‘rt poyigacha qorga kirib ketsa-da, to‘shi bilan gurtukni yorib borayotir. Ustida aytganimday, yuz kilo yuk va yana men. Beli mayishmaydi, o‘mganlab, naqd suvdagi kemaday suzib boradi...

Tog‘ oshuviga kelganda otlar toliqdi. Bovurda qorning qalinligi egar bo‘yigacha yetgan. Orqaga qaytib bo‘lmaydi, butun boshli ferma, cho‘pon-cho‘lig‘i bilan qor bosib, tog‘da qolgan. Ular najot kutib, yo‘lga ko‘z tikib turibdi.

Xullas, so‘nggi chora deb O‘roqboyning baytali laqabi bilan mashhur bo‘lgan baytalni oldinga soldik. Aqlli jonivor emasmi, dardimizni tushundi shekilli, qorni naqd ikkiga tilib, yo‘l ochib ketaverdi...

Toza zot ot ham oriyatchan bo‘ladi, ham rashkchi. Ayniqsa, ayg‘ir tizillayveradi. Shunday bo‘ldi. To‘qqiz ayg‘ir oriyati qo‘zib, bir biridan o‘zib, baytalning orqasidan ergashdi. Men bu holni ko‘rib, Maxtumqulidan jo‘shib ko‘ylab bordim:

Yaxshilardan hargiz chiqmas yomonlik,

Asli yomon bo‘lsa, chiqmas omonlik.

Asliga tortadi chopqir, chamanlik,

Chopqirni chamanga sotquvchi bo‘lma.

O‘roqboyning baytali bedov kelbat edi. Kuchda ham, mehnatda ham bir ayg‘irdan kamligi yo‘q edi. Chaman emas, toza zot edi. Chaman degani xirmonchi xashaki ot bo‘ladi, yo‘q, bu chiniminan chopqir edi...

Urushdan keyingi yillar edi. Qadimgi Nurota – Karman yo‘lini qalin qor bosib, qatnov to‘xtab qoldi. Yaqin atrofdagi bo‘z yigitlar dovonni qordan tozalashga jalb etildi. Avazsoydan biz yigirma otliq bordik. Dovonga yo‘l ochib, birinchi oshib o‘tgan shu baytal bo‘ldi. Ovozasi oshgandan oshib, el nazariga tushdi.

Shu avloddan tarqagan Ko‘kchipor laqabli otning ham ta’rifi baland edi. 1959-1960 yillar qishida Oqtog‘ni to‘liq qor qopladi. To‘shidagi chorva otarlarini qor bosdi. Yordamga kelgan harbiy texnikalar to‘xtab qoldi. Bozor karvon shu ot bilan yo‘l ochib, bir shatak tuyani yuki bilan Ko‘ztoshiga sog‘-salomat eltdi. Otarga najot yetib, qancha jon, mol omon qoldi...

Eslayversak, voqealar mo‘l, shunisi ham tushunarmanga kifoya:

Go‘ro‘g‘lini G‘irko‘k bo‘ldi banoti,

Boychibordan Alpga yetdi murodi.

Unutmanglar, Xushvaq baxshi so‘zini

Ot degani bu - yigitning qanoti.

Suyundik Mustafo NUROTOIY.