Ovoragarchilik uchun javobgar yo‘q

“Zarafshon” gazetasining 2021 yil 18 fevraldagi 20-sonida e’lon qilingan “Ovoragarchiligimga javobgar yo‘qmi?” sarlavhali maqola yuzasidan Payariq tumani prokurori Sh.Toshtemirov imzosi bilan olgan javob xatini o‘qib, shunday xulosaga keldik.

Birinchidan, muallif X.Tojiyev viloyat arxitektura-shaharsozlik kengashi ma’qullagan (2020 yil 19 mart)dan keyin ham qurilishga ruxsat berilmagani, sarson bo‘lganini aytyapti. Hokim qarori esa 2021 yil 17 fevralda chiqqan. Yoki rad etilguncha bo‘lgan muddat ovoragarchilikka kirmaydimi?

Xatdan ma’lumki, fuqaro X.Tojiyev yangi loyihaga kirish uchun yana sarson bo‘lishi kerakka o‘xshaydi. Chunki unga yana “qayta murojaat qilish huquqi borligi” ma’lum qilingan. Undan ko‘ra, muallifni o‘sha loyihalardan biriga kiritib qo‘yish savob emasmi?
Darvoqe, prokuraturadan 2021 yil 30 martda chiqqan xat bizga pochta orqali bugun yetib keldi.