O‘z joniga qasd qilish Alloh bergan umrga noshukurlik emasmi?

Islom dini tinchlik, insonlar o‘rtasida mehr-muruvvat, o‘zaro hurmat va insoniy fazilatlarni targ‘ib qiluvchi dindir. Uning ta’limotida yer yuzini obod qilish, ezgu amallar bilan mashg‘ul bo‘lish, ato etilgan ne’matlardan foydalanib shukrona keltirish ulkan savoblarga sabab bo‘luvchi solih amallar hisoblanadi. Aksincha, yer yuzida fisqu fasod qilish, nohaq qon to‘kish, qolaversa o‘z joniga qasd qilish kabilar qoralanib, ular og‘ir gunohlar ekanligi ta’kidlanadi.

Afsuski, hozirgi kunda ba’zi insonlarda sabru matonat yetishmay o‘z joniga qasd qilayotganlarining guvohi bo‘lib turibmiz.  Payg‘ambarimiz (s.a.v): Kim o‘zini-o‘zi bo‘g‘ib o‘ldirsa, do‘zaxda ham shu xil azobga qoladi va kim o‘zini tig‘ bilan o‘ldirsa, do‘zax olovida ham xuddi shunday azobga qoladi”, - deb marhamat qilganlar. (Imom Buxoriy rivoyati). Buni Alloh bergan hayotga noshukrlik oqibati, deb baholash mumkin.

Bu kabi salbiy holatlar aksariyat hollarda voyaga yetmagan yoshlar o‘rtasida kuzatilmoqda. Buning asosiy sabablaridan biri sifatida ota-onalarning farzand tarbiyasiga bee’tibor qarashini ko‘rsatish mumkin. Afsuski, ayrimlar farzandlarini kichikligidan halol mehnat orqali rizq topish, qarindosh-urug‘lar, qo‘ni-qo‘shnilar, yoru-birodarlar, tanish-bilishlar bilan mehr-oqibatda bo‘lishlik kabi insoniylik tuyg‘ularni qalbiga singdirishga e’tibor bermaydi.

Er-xotin o‘rtasidagi tortishuv yoki janjallarning bola ko‘z oldida ro‘y berishi ham uning ruhiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

Shunday ekan Alloh bergan umrimizga shukrona qilib yashashni farzandlarimizga yoshligidan o‘rgataylik. Toki, hayot atalmish buyuk ne’mat qadriga yetib yashasin.

Zayniddin Eshonqulov, Samarqand viloyati bosh imom xatibi.