O‘z vaqtida ko‘rsatilgan ko‘mak – tadbirkorga madad

Oqdaryo tumani davlat soliq inspeksiyasi tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash sho‘’basi xodimlari “Soliqchi – tadbirkorga ko‘makchi” tamoyili asosida bevosita tadbirkorlik sub’yektlari huzuriga borgan holda ularga amaliy yordam berib kelmoqda.

Ushbu jarayonda tadbirkorlar turli ovoragarchiliklarga duch kelmayotganidan, soliq imtiyozlari va stavkalari, dastlabki buxgalteriyani to‘g‘ri yuritish xususida zarur tushuncha olayotganidan mamnun bo‘lmoqda.

Plita, bruschatka va ularning qoliplarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Eldorado plastic” mas’uliyati cheklangan jamiyati ham faoliyatini boshlagan paytda ayrim muammolarga duch kelgan edi. Tuman davlat soliq inspeksiyasi tomonidan 2020 yil noyabr oyida qo‘shilgan qiymat solig‘iga o‘tish bo‘yicha tushuncha va tavsiyalar berildi. Bundan tashqari, elektr energiyasi ta’minotidagi muammolar ham bartaraf qilindi.

Bugungi kunda korxonada ishlab chiqarish ko‘lamini kengaytirish borasida zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, mahsulot ishlab chiqarishda foydalaniladigan qoliplar Xitoydan keltirilgan zamonaviy 3 ta uskunada tayyorlanmoqda. Shuningdek, plita va bruschatkalarning dizayni, sifatini oshirish bo‘yicha ham tinmay izlanish olib borilayotir.

Tadbirkorlik sub’yektiga ko‘rsatilgan ko‘mak tufayli ishlab chiqarish sur’ati oshib, ichki bozorga sifatli mahsulot yetkazib berilmoqda.

Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasi matbuot xizmati.