Ozarbayjonlik tadbirkorlar bilan hamkorlikda 26 million dollarlik mahsulot almashildi
Shu yilning 10 oyi davomida Samarqandda Ozarbayjon kompaniyalarining kapitali ishtirokida jami 13 ta, ya’ni 9 ta qo‘shma korxona, 4 ta xorijiy korxona faoliyat yuritmoqda.
Bu haqda viloyat investitsiya va tashqi savdo boshqarmasi axborot xizmati xabar berdi.
Jumladan, Ishtixon tumanida oziq-ovqat mahsulotlari, Toyloq tumanida esa yog‘-moy mahsulotlari ishlab chiqariladi.
Yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida joriy yilning o‘tgan davrida Ozarbayjon davlatidan 16,3 million dollar xorijiy investitsiya o‘zlashtirildi.
Bundan tashqari, 2021 yilda viloyatimiz va Ozarbayjon davlati o‘rtasida tovar aylanmasi 18,1 million dollarni tashkil etdi (eksport 17,3 million dollar, import 820,3 ming dollar).
Joriy yilning yanvar-oktyabr oylarida esa tovar aylanmasi 26,4 million dollarni tashkil etib, shundan 14,1 million dollar import hamda 12,3 million dollar miqdorida eksport amalga oshirildi.
Eksport tarkibi asosan meva-sabzavotlar, to‘qimachilik, kimyo sanoati mahsulotlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.