O‘zbek jang san’ati federatsiyasi viloyat bo‘limi tashkilotchisi O‘zbekiston sport faxriysi deya e’tirof etildi

Viloyatimizda O‘zbek jang san’ati bo‘yicha ilk to‘garak 2009 yilda sharq yakka kurashlari ustasi, tajribali murabbiy Halim Yusupov tomonidan tashkil etilgan edi. O‘tgan vaqt davomida sportning bu turi bilan shug‘ullanuvchilar soni 10 ming nafardan oshdi.

Bu yerda 100 dan ziyod mamlakat birinchiligi va xalqaro turnirlar g‘oliblari, 20 nafardan ortiq jahon chempionlarini tayyorlandi.

Bugungi kunda ham kattalar o‘rtasida jahon chempioni, 7 darajali qora belbog‘ sohibi  H.Yusupov tashabbusi bilan viloyatimizning barcha shahar va tumanlarida tashkil etilgan to‘garaklarda 3 mingga yaqin yosh “jangchi”lar muntazam shug‘ullanib, respublika va jahon chempionatlariga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Shuningdek, respublikamizda faoliyat yuritayotgan ko‘plab hakam va murabbiylar Halim akani ustoz deb biladi.  

Yaqinda O‘zbekiston sport tashkilotlari Faxriylar kengashi tomonidan yurtimizda o‘zbek jang san’atini ommalashtirish hamda yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun O‘zbek jang san’ati ustasi, tajribali murabbiy Halim Yusupovni «O‘zbekiston sport faxriysi» ko‘krak nishoni bilan taqdirladi.

- Har bir ishning boshlanishi xayrli bo‘ladi deb bekorga aytishmaydi, - deydi O‘zbek jang san’ati federatsiyasi viloyat bo‘limi ijrochi direktori Halim Yusupov. – Umrimni sportga bag‘ishlaganman. Shu yakka kurash turlari bilan shug‘ullanib kam bo‘lmadim. O‘zbek jang san’ati endi rivojlanib kelayotgan bo‘lsa-da, xalqaro maydonlarda tan olindi. Jahonning sporti rivojlangan davlatlari sportchilari ham biz bilan hisoblashadigan bo‘ldi. Jahon chempionlari Sh.Qurbonov, Z.Zubaydullayeva, J.Yusupov, A.Shamsiyeva kabi shogirdlarimni yutuq va g‘alabalarini ko‘rib quvonaman.

2017 yilda Farg‘onada, 2018 yilda esa Janubiy Koreyada bo‘lib o‘tgan Butunjahon sharq yakka kurashlari festivalida sportchi yoshlarimiz sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritib, xalqaro tatamilarda e’tirof etildi. H.Yusupov kattalar o‘rtasida jahon chempioni bo‘lish bilan birga hakamlik vazifasini ham qoyilmaqom qilib uddaladi.         

Dilmurod To‘xtayev.