O‘zbek-qirg‘iz chegarasidagi otishma bo‘yicha rasmiy bayonot berildi
Avvalroq O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasida uch kishi halok bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlarining Qirg‘iziston bilan chegaradagi vaziyat xususida rasmiy bayonot berdi.
Qayd etilishicha, 2022 yilning 5 may kuni o‘zbek-qirg‘iz Davlat chegarasining Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tumani Oqtom qishlog‘i hududidan o‘tgan qismida bir guruh noma’lum shaxslar tomonidan O‘zbekiston Respublikasidan Qirg‘izistonga noqonuniy ravishda ko‘p miqdordagi tovar-moddiy boyliklarini olib o‘tilayotganligi o‘zbek chegara naryadlari tomonidan kuzatilgan va ushbu qonunbuzarlikni oldini olish bo‘yicha choralar ko‘rilgan.
Chegara naryadi tomonidan Davlat chegarasi buzg‘unchilarini qo‘lga olish vaqtida, qoidabuzarlarning bir guruhi harbiy xizmatchilarga nisbatan qarshilik ko‘rsatib, kuch ishlatib, tan jarohatlari yetkazgan va qurollarni olib qo‘yishga harakat qilgan.
Ushbu holatda harbiy xizmatchilar qonunchilikda belgilangan tartibda qurol qo‘llashga majbur bo‘lgan. Natijada, 3 nafar shaxs yaralanib, ular jinoiy sheriklari tomonidan Qirg‘iziston hududiga olib ketilgan.
"Hodisa tafsilotlarini aniqlash maqsadida, 5 may kuni zudlik bilan O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasining hudud bo‘yicha chegara vakillari o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi. Shuningdek, 6 may kuni Farg‘ona vodiysi yo‘nalishi bo‘yicha va Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati bo‘yicha chegara vakillarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Hozirda har ikki tomon holat bo‘yicha tekshiruvlarni davom ettirmoqda, chegarada vaziyat barqaror.
Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining tegishli huquqni muhofaza qiluvchi idoralari tomonidan 2022 yilning 6 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 223 moddasi ("Qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish") bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda", deyiladi bayonotda.