O‘zbek tilshunosligining ulug‘ darg‘alari kamol topgan maskan

Tarixiy ildizlari Mirzo Ulug‘bek oliy madrasasiga borib taqaladigan Samarqand davlat universiteti o‘zining ko‘p yillik faoliyati davomida ilmu ma’rifatning beshigiga aylandi. Bu qutlug‘ dargohda shakllangan ilmiy-pedagogik maktablar tayyorlab bergan yuqori malakali mutaxassis kadrlar turli yillarda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy va madaniy-ma’rifiy taraqqayotiga munosib hissa qo‘shdi.

Xotira va qadrlash kuni arafasida o‘zbek tilshunosligi sohasida va malakali filologlar tayyorlashda ulkan hissa qo‘shgan, ustoz-murabbiylarni, Samarqand tilshunoslik maktabi vujudga kelishida va uning taraqqiyotida munosib iz qoldirgan ziyolilarni yod etish hamda ularning shonli faoliyati haqida to‘xtalishni joiz deb bildik.

XX asrning yigirmanchi yillarida Samarqand davlat universiteti (u davrda Oliy pedagogika instituti deb atalardi) tarkibidagi ijtimoiy fanlar fakultetining asosiy bo‘limlaridan biri – til va adabiyot bo‘limida yoshlarga o‘zbek filologiyasiga tegishli fanlardan bilim berish bilan birga o‘zbek tilshunosligi, adabiyotshunoslik sohalarida ilmiy tadqiqot ishlari ham samarali olib borilgan. Bunda A.Sokolov, E.Polivanov, A.Sa’diy, A.Fitrat, G‘ozi Olim Yunusov, I.Ponomaryov, S.Mutallibov kabi olimlarning xizmati katta bo‘ldi.

O‘tgan asrning 20-yillari oxiri va 30-yillari boshida asosiy e’tibor savodsizlikni tugatishga, maorif va madaniyatni rivojlantirishga qaratilganligi sababli 1927-1929 yillarda Samarqand Oliy pedagogika institutida, 1929-1933 yillarda O‘zbekiston davlat pedakademiyasida faoliyat ko‘rsatgan tilshunos olimlar o‘zbek tilshunosligining ayrim nazariy va amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan muammolari ustida ilmiy tadqiqot olib bordilar. Jumladan, Ye.D.Polivanov (1891-1938) o‘zbek tili masalalari bilan 1922 yildanoq shug‘ullana boshlab, o‘zbek tili imlosi, yozuvini lotinlashtirish hamda o‘zbek tili fonetikasi, dialektologiyasi va grammatikasiga oid qator ilmiy tadqiqotlar e’lon qildi. Uning qalamiga mansub bo‘lgan «O‘zbek tilining qisqa grammatikasi» (rus tilida, 1926), «O‘zbek dialektologiyasi va o‘zbek adabiy tili» (rus tilida, 1933), «O‘zbek tili grammatikasidan materiallar» (rus tilida, 1935) kabi asarlar qimmatli bo‘lib, bugungi kunda ham talabalarning sevimli kitoblari sirasiga kiradi.

1927-1931 yillarda Samarqanddagi O‘zbekiston davlat pedakademiyasida o‘qituvchilik qilgan G‘ozi Olim Yunusov (1893-1939) yoshlarga tilshunoslik fanlaridan dars berish bilan birga, o‘zbek tiliga oid qator ilmiy tadqiqotlar olib bordi. Uning «O‘zbek tili» (1930), «Yuridik terminlar lug‘ati» (1933), «O‘zbek lahjalari tasnifidan bir tajriba» (1936), «O‘zbek tili grammatikasi» (qo‘lyozma, 1936) kabi asarlari shu ilmiy kuzatishlarning natijasi bo‘ldi.

Aytish o‘rinliki, o‘zbek tilini ilmiy jihatdan o‘rganishni Samarqandda boshlab bergan olimlardan yana biri Abdurauf Fitrat bo‘ldi. Uning «O‘zbek tili qoidalari to‘g‘risida bir tajriba. Sarf. Birinchi kitob» (Samarqand-Toshkent, 1930) nomli asari ilmiy jihatdan qimmatli.

1927-1930 yillarda Samarqanddagi Oliy pedagogika institutida o‘qib, 1930 yildan shu institutda o‘zbek tili va adabiyoti o‘qitish metodikasidan dars bergan S.Mutallibov (1900-1979) O‘zbekistonda savodsizlikni tugatish, umumta’lim maktablariga ona tili va adabiyotdan o‘qituvchilar tayyorlash ishiga muhim hissa qo‘shdi. U yaratgan «Alifbe» 1929, 1930, 1931 yillarda qayta-qayta nashr qilindi. Uning «Alifbe” o‘qituvchilariga metodik qo‘llanma»si o‘z davrida xalq maorifiga sezilarli foyda keltirdi.

Ana shunday fidoyi insonlardan biri O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, professor, Samarqanddagi o‘zbek tilshunosligi maktabi asoschisi Ulug‘ Tursunovdir. U 1938 yildan tilshunoslik kafedrasiga mudirlik qildi va uning yetakchiligida o‘zbek tilshunosligining eng muhim muammolari bo‘yicha ilmiy tadqiqot ishlari olib borildi. Jumladan, Ulug‘ Tursunov o‘zbek tilshunoslari orasida birinchilardan bo‘lib, 1941 yilda nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildi. Keyinchalik o‘tgan asrning 40-yillari oxirida G‘.Qodirov, A.Islomov, A.Sulaymonov, X.Berdiyorov kabi tilshunos olimlar bu kafedrada samarali faoliyat ko‘rsatdi.

O‘zbek tilshunosligi kafedrasi o‘tgan asrning 50-yillarida o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga qadam qo‘ydi va kafedra qoshidagi aspirantura orqali yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga katta e’tibor berildi. Aspiranturani bitirib, nomzodlik dissertatsiyalarini muvaffaqiyatli himoya qilgan yosh tilshunos olimlardan G‘.Abdurahmonov, J.Muxtorov, V.Egamov, J.Hamdamov, F.Ishoqov, N.Rajabovlar shu yillarning mahsuli bo‘ldi.

Qolaversa, o‘tgan asrning 60-70-yillarida tilshunoslik kafedrasida T.Xo‘jayev, M.Mo‘minova, N.Abdurahmonov, R.Qo‘ng‘urov, M.Husainov, M.Valiyev, O.Isroilov, O.Amirova, M.Ahmedov, O.Abdullayeva, R.Mirazizova, A.Xoliqov, X.Abdurahmonovlar talabalarga dars berdi. Bu davrda respublikamizning boshqa oliy o‘quv yurtlari va ilmiy-tekshirish institutlari uchun ham yuqori malakali mutaxassislar – fan nomzodlari yetishtirib berishga katta katta hissa qo‘shdi. Jumladan, A.Abdullayev, R.Sayfullayev, S.Ravshanova, F.Ubayeva, E.O‘rozov, L.Abdullayeva, F.Ishoqov, I.Ziyoyeva, X.Xoliyorov, B.Egamberdiyev, T.O‘rinov, H.Hamroyev, A.Hazratqulov, B.O‘rinboyev, M.To‘ychiyev, O‘.Nosirov, I.Suyarov, A.Doniyorov, B.To‘ychiboyev, B.Yo‘ldoshev, Yo.Xo‘jamberdiyev, M.Mahmatqulov, S.Asliddinovlar shu davrda yetishib chiqqan yosh olimlardir.

Albatta, ularning ilmiy kamolotida kafedraning yetakchi olimlari U.Tursunov, A.Sulaymonov, H.Berdiyorov, X.Doniyorovlarning xizmati katta bo‘ldi. Shuningdek, 60-70-yillarda kafedra a’zolari tomonidan 15 ta to‘plam nashr qilindi. U.Tursunov va J.Muxtorov qalamiga mansub «Hozirgi zamon o‘zbek tili» nomli darslik uch marta (1960, 1965, 1975 yillarda) chop etildi.

Bundan tashqari, shu ilmiy maktab vakillari o‘zbek tilshunosligining turli yo‘nalishlarida tadqiqot ishlarini olib borib, sezilarli natijalarni qo‘lga kiritdi. Masalan, J.Muxtorov, X.Doniyorov, B.O‘rinboyev, R.Qo‘ng‘urov, V.Egamov, N.Abdurahmonov, B.Yo‘ldoshev, N.Rajabov, T.Xo‘jayev, J.Hamdamov, Q.Usmonov, S.Karimov, J.Eltazarov T.Rahmatov, Q.Usmonov, Z.Aliqulov, E.Abdiyev, T.Qurbonov, A.Abdusaidov, X.Axtamova, N.Begaliyev, M.Ro‘ziqulova, M.To‘ychiyev va boshqa taniqli olimlarning respublika ilmiy jamoatchiligiga manzur bo‘lgan asarlarini namuna qilib ko‘rsatish mumkin.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, bugungi kunda kafedra ilmiy-pedagogik kadrlari safi tilshunos olimlar bilan kengayib bormoqda. Jumladan, filologiya fanlari doktorlari J.Eltazarov, A.Pardayev, D.O‘rinboyeva, X.Xayrullayev, dotsentlar A.G‘afforov, R.Suvonova, Sh.Mahmadiyev, O.Yusupova, PhD olimlar S.Umirova, Sh.Normo‘minov, B.Xolmuxamedov kabi yosh malakali o‘qituvchilar tilshunoslik sohasiga munosib hissa qo‘shmoqda.

Samarqand davlat universitetining o‘zbek tilshunosligi kafedrasida faoliyat yuritgan olimlar shu kunga qadar mashaqqatli, lekin sharafli faoliyat yo‘lini bosib o‘tib, talabalarga bilim berish, ularni har tomonlama bilimdon, komil inson, yetuk mutaxassis qilib tarbiyalash borasida ulkan ishlarni amalga oshirib kelmoqda.

Azamat PARDAYeV,

Shavkat MAHMADIYeV,

SamDU o‘qituvchilari.