O‘zbekiston bu yil futzal bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qiladi
10-futzal bo‘yicha jahon chempionatiga aylanadigan mazkur katta sport tadbiri Markaziy Osiyoda ilk bora o‘tkazilsa, Osiyo qit’asida to‘rtinchi mundial sifatida tarixdan o‘rin oladi.
14 sentyabr – 6 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan musobaqada dunyoning eng kuchli 24 terma jamoasi jahon chempionligi uchun kurash olib boradi. Tarixda 10-bor tashkil etilayotgan turnirda amaldagi g‘olib Portugaliyadan tortib, besh karra chempion Braziliya, shuningdek, Fransiya va Yangi Zelandiya kabi debyutant terma jamoalar jam bo‘ladi.
Mundialning qur’a tashlash marosimi 26 may kuni Samarqand shahridagi Registon maydonida bo‘lib o‘tadi.
Mezbon sifatida, aynan, O‘zbekiston tanlanganligi ham yurtimizda sport bo‘yicha erishilgan natijalar hamda kelgusida amalga oshirilishi kutilayotgan istiqbolli rejalar tasdig‘idir. Turnir nafaqat O‘zbekiston, balki jahon futzali rivojida muhim qadam bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, bu mamlakatda o‘tkaziladigan birinchi xalqaro turnir emas. O‘zbekiston 2022 yilning 1−19 iyun kunlari futbol bo‘yicha U-23 Osiyo kubogiga mezbonlik qildi. Bundan tashqari, 2023 yilning mart oyida mamlakat o‘z uyida U-20 Osiyo kubogini qo‘lga kiritdi.