O‘zbekiston dunyo yoshlari huquqi mustahkamlanishining tashabbuskori

O‘zbekiston 2020 yilda BMTning inson huquqlari bo‘yicha Kengashining a’zolaridan biriga aylangan edi. Bugun dunyoning 47 davlati ushbu Kengashning a’zosiga aylangan. Ayniqsa, O‘zbekistonning jahon yoshlarining huquq-manfaatlarini ko‘zlab ilgari surayotgan yangi tashabbuslari alohida ahamiyatga molik.
22 fevral kuni Shavkat Mirziyoyev birinchi marta videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasida nutq so‘zlab, aholimizning yarmidan ko‘pini tashkil etadigan yoshlar huquqlarini himoya qilish doimo e’tiborimizda ekanligini yana bir bor ta’kidladi. Davlatimiz rahbari Inson huquqlari bo‘yicha kengashga yoshlar huquqlarini himoya qilish bilan quyidagi yangi masalalarni ko‘rib chiqishni taklif etdi:
- Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Yoshlar huquqlari bo‘yicha butunjahon konferensiyasini o‘tkazish;
- BMT Iqtisodiy va ijtimoiy kengashining o‘ninchi forumida Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya loyihasini taqdim etish;
- Yoshlar huquqlari bo‘yicha maxsus ma’ruzachi institutini ta’sis etish.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan ushbu tashabbuslar 2021 yil - Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yilida ham xalqimiz, ayniqsa, ertangi kunimiz egasi bo‘lgan yosh avlodning huquqlarini ta’minlash bo‘yicha amalga oshiriladigan, ortga qaytmaydigan islohotlar izchil davom ettirilishini nazarda tutadi.
Mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur shart-sharoitlar va keng imkoniyatlar yaratib berish masalalari bu yil yanada yuqori bosqichga olib chiqilib, yoshlarga oid davlat siyosati yangi va zamonaviy tamoyillarga tayangan holda davom ettiriladi.
Bugun intellektual va ma’naviy yetuk, tashabbuskor yoshlar barqaror taraqqiyotning hal qiluvchi kuchiga aylanmoqda. O‘zbekiston yoshlari mamlakatni modernizatsiya qilishga qaratilgan jadal va keng ko‘lamli islohotlarning harakatlantiruvchi kuchi va faol ishtirokchisi bo‘lib maydonga chiqmoqda.
Ta’lim tizimini takomillashtirish, uni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish, maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchilari, o‘quvchi va talabalarda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Prezidentimizning “Inson huquqlari sohasida ta’lim” deklaratsiyasining 10 yilligiga bag‘ishlab Oliy komissar boshqarmasi bilan birgalikda global forum o‘tkazish” to‘g‘risidagi tashubbusi so‘nggi yillarda mamlakatda yoshlar ta’limiga berilayotgan alohida e’tibor tufayli ta’limning barcha bosqichlarida katta islohotlar amalga oshirilayotganidan dalolat beradi.
Davlatimizning xalqaro huquq ijodkorligi yo‘lidagi sa’y-harakati xalqaro huquqning teng huquqli sub’yekti sifatida O‘zbekistonning BMT doirasidagi muhim xalqaro tashabbuslarning ijodkoriga aylanib borayotganidan dalolat beradi.
Gulnora XUDOYBERDIYeVA,
Toshkent davlat yuridik universiteti ixtisoslashtirilgan filiali dotsenti, yuridik fanlar nomzodi.