O‘zbekiston Facebook, TikTok, Telegram va boshqa kompaniyalarga talabnoma yubordi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi tomonidan “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonun ijrosini o‘rganishga bag‘ishlangan nazorat-tahlil tadbiri o‘tkazildi.
Unda “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunning 20-moddasi hamda ushbu hujjatning 2021 yil 15 aprel kuni kuchga kirishi nazarda tutilgan 271-moddasi ijrosini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.
Ushbu hujjatga ko‘ra, ijtimoiy tarmoqlar va internet kompaniyalar O‘zbekistonda qonuniy faoliyat yuritishni istashsa, o‘z texnik vositalarini O‘zbekiston hududiga o‘tkazishlari shartligini yoki belgilangan tartibda ma’muriy yoxud jinoiy javobgarlikka tortilishlari mumkinligini anglatadi.
Davlat personallashtirish markazi direktori U.Toshxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, ushbu yo‘nalishda markaz tomonidan bugungi kunga qadar bir qancha ishlar amalga oshirilgan. Xususan, shaxsga doir ma’lumotlarga axborot texnologiyalaridan foydalangan holda ishlov berishda, shu jumladan, Internet tarmog‘ida ishlov berishda ularni jisman O‘zbekiston hududida joylashgan texnik vositalarda yig‘ilishi va saqlanishini ta’minlash maqsadida xorijda faoliyat yuritayotgan Facebook Inc (Facebook Messenger, Instagram, WhatsApp), Google (Google Messenger, YouTube), Mail.ru (Vkontakte, Odnoklassniki), Microsoft Skype, Telegram, Tencent Wechat, TikTok, Twitter, Yandex (Yandeks.taksi, Yandeks.karti, Yandeks.messenjer, Yandeks.dengi) kompaniyalariga qonunchilik talablarini bajarish haqida murojaat xatlari yuborilgan.
Shu bilan birga, “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonunning 20-moddasi talablarining ijrosini ta’minlash maqsadida yaratilgan pd.gov.uz axborot tizimi orqali shaxsga doir ma’lumotlar bazalari mulkdor va (yoki) operatorlarini shaxsga doir ma’lumotlar bazalarining Davlat reyestri ro‘yxatidan o‘tkazish ishlari olib borilmoqda.
Deputat Sh.Sharafutdinov qonunchilikka bunday normalarning kiritilishi fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklarini ta’minlashdan iborat ekanligini aytib, bu huquq Konstitutsiyaning 13 va 27-moddalarida mustahkamlab qo‘yilganini ta’kidladi.
Deputatlarning aytishicha, so‘nggi yillarda mazkur ijtimoiy tarmoqlar va internet kompaniyalarga turli kiber hujumlari uyushtirilib kelinmoqda. Natijada O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlari ham o‘g‘irlangan.
Shunga qaramasdan, qonun normasi kuchga kirganiga 1 oy bo‘lgan bo‘lsa-da vakolatli davlat organi tomonidan mazkur soha bo‘yicha ko‘zga ko‘rinadigan natijalarga erishilmaganligi deputatlarning jiddiy e’tiroziga sabab bo‘ldi.