Ijtimoiy tarmoqda vaqtimiz qanday o‘tyapti?

Erta tongda uyg‘onganimizdan telefonni qo‘lga olib, ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarimizni ko‘zdan kechiramiz. Uyquga ketishdan oldin ham xuddi shunday.

Umuman, yoshimiz, kasbimiz, ijtimoiy maqomimizdan qat’i nazar, bo‘sh vaqt topildi deguncha messenjerlarda yozishish, tarmoqlardagi yangiliklarni o‘qish, post yozish va muhokama qilish bilan band bo‘lamiz.

Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda ommaga havola etilayotgan bema’ni, bachkana savol va murojaatlar keng muhokama qilinib, salbiy so‘zlar ham ko‘p ishlatiladi.

Internet har qanday muammoni yozadigan maydon emas

Kuzatgan bo‘lsangiz, ijtimoy tarmoqlarda muammolarni hal qilish uchun turli kanal va guruhlar tashkil etilgan. Bu yaxshidir balki. Ammo ularda shaxsiy va oilaviy muammolar hayosizlarcha, ochiqchasiga ommaga havola etilayotganiga nima deysiz?!

Ana shunday postlardan birini misol keltiramiz:
“Yoshim 21 da. Onam bilan yashayman. 5 yil oldin ota-onam ajrashgan. Otam boshqasiga uylandi, onam esa hozirgacha turmush qurmagandi. Endi onamga sovchi kelyapti. Men onamning turmush qurishiga rozi bo‘lmayapman. Chunki onam ham sevganim bilan baxtli bo‘lishimni istamaydi. Qanday yo‘l tutishni bilmayapman, nima maslahat berasizlar?”

Postni o‘qib, muammoni ko‘tarib chiqqan kishining aqliga “tasanno” aytasan, kishi. Bildirilgan munosabat va maslahatlarni esa aytishga til, yozishga qo‘l bormaydi. Ayting-chi, oilaviy muammolarni internetda tarqatib, begona kishilarning fikri bilan ularni hal qilish qanchalik to‘g‘ri?

Manzilingni yoz, erkakchasiga gaplashamiz

Internetda og‘riqli masalalardan biri guruhlarda raqibni dog‘da qoldirish, ya’ni tortishuv va muhokamalarda g‘olib chiqish. Bu jarayonda onlayn aytishuvlar bilan qoniqmaganlar raqibini yakkama-yakka olishuvga taklif etadi.

“Bekorchilar” ochgan guruhdan bir misol:
“- Guruppada “Qirol” profili kimniki?
- Meniki, nima edi?
- Kimsan, qayerdansan, nega guruhda anchadan buyon so‘kinyapsan?
- Istaganimni qilaman, nima ishing bor?
- Tushunmadim.
- Tushunchang past.
- Manzilingni yoz, erkakchasiga gaplashamiz...”

Ijtimoiy tarmoq “lider”lari
Internet sahifalarida turli nomlarda yoki o‘z nomi bilan profil ochib, har xil post yozadiganlar, turli surat va videolarni tarqatib, o‘zicha “lider” va “yulduz” bo‘lganlar ham oramizda yo‘q emas. Hattoki, ularning har bir ishi, gapini tasdiqlab, joylagan bema’ni postiyu rasmlariga “layk” bosadigan tarafdorlari ham topiladi.

Ishonmasangiz, internetda mashhur bir tanishingiz yozgan bachkana post yoki biron bir bema’ni suratga “layk” bosib, munosabat bildiring, “yulduz”ga “ochkolar” yog‘dusi yog‘iladi...

Hozirgi axborot texnologiyalari rivojlangan davrda bir chetda o‘tirib, tuturiqsiz fikrlari bilan kishilar ongiga ta’sir qiluvchi bu “yulduz”larning mamlakatimizda qaror topgan oshkoralik va so‘z erkinligidan o‘z manfaati yo‘lida foydalanayotgani yoki odamlarning fikrini o‘zgartirishga harakat qilayotgani achinarli holat.

Bugun ijtimoiy tarmoqlarni shunchaki vaqt o‘tkazish, tanish-bilish orttirish yoki muloqot qilish maydoni deb emas, balki jamiyatning virtual hayoti deb bilishimiz kerak. Buning uchun avvalo, har birimiz ijtimoiy tarmoqlardan to‘g‘ri maqsadda foydalanishni odat qilsak, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Fazliddin RO‘ZIBOYeV.