O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tashkil etilganiga 21 yil to‘ldi

Shu munosabat bilan Samarqand davlat universitetida tadbir tashkil etildi.

Unda viloyatdagi korxona va tashkilot rahbarlari, tadbirkorlar, fermerlar, O‘zLiDeP mahalliy Kengashlar deputatlari, partiya faollari hamda “Yoshlar qanoti” va “Ayollar qanoti” vakillaridan iborat 250 nafardan ziyod viloyat jamoatchiligi ishtirok etdi.

Tadbir avvalida viloyatda partiya faoliyati  sarhisobi va galdagi ustuvor vazifalarni belgilab olishga qaratilgan rejalar haqida gapirildi.

Ta’kidlanishicha, partiyaning viloyatdagi tuzilmalari tomonidan olib borilgan samarali faoliyat tufayli partiyaning boshlang‘ich tashkilotlari soni hamda partiya a’zolari safi sezilarli ravishda oshib boryapti. Xususan, 2003 yilda partiyaning viloyat Kengashidagi boshlang‘ich tashkilotlari soni 175 ta, a’zolar soni esa 2061 nafarni tashkil etgan bo‘lsa, 2024 yilning hozirgi davriga kelib, partiyaning viloyat Kengashidagi boshlang‘ich tashkilotlari soni 1450 taga yetgan, a’zolar soni esa 155 ming nafardan ziyodni tashkil etib, BPTlar soni 1275 taga hamda a’zolar soni qariyb 152 ming 900 nafarga oshgan.

Bugungi kunda partiya viloyat Kengashidan nomzodi ko‘rsatilib, xalqning ishonchini qozongan 16 tuman va shahar Kengashlariga saylangan 124 nafar deputat o‘z saylov okruglaridagi muammolarga  yechim topish yo‘lida tashabbus ko‘rsatmoqda.

O‘zLiDePning viloyatdagi 155 ming nafardan ziyod a’zolarining 76 mingdan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi. “Ayollar qanoti”ning ham jamiyatda o‘z o‘rni bor. Jumladan, “Oilaviy tadbirkorlikdan mustahkam oilaga”, “Sog‘lom oila - mustahkam oila” loyihasi, “Fermer ayollar”, “Farovon oila”, “Bunyodkor ayol” nomli loyihalar hamda “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovi doirasida joylarda turli mavzularda tadbirlar o‘tkazilib kelinmoqda. Birgina “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovini aytadigan bo‘lsak, “Ishbilarmon ayol” - partiyaning ayollar ijtimoiy-iqtisodiy faolligini oshirishga yo‘naltirilgan ko‘plab loyihalaridan biri. Bu loyiha 10 yildan ortiq vaqt davomida o‘tkazib kelinyapti. Uning doirasida har yili 20 mingdan ortiq ayol o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ymoqda.

Tadbir yakunida saylov jarayonida va targ‘ibot tadbirlarida faol ishtirok etgan partiya a’zolari, deputatlar va OAV vakillariga tashakkurnomalar topshirildi.