Deputat Tolibboy Eshmonov murojaatchining bepul davolanishiga yordam berdi

Samarqand shahrida o‘tkazilgan tadbirlarda,  Beruniy ko‘chasi, 52-uyda yashovchi, I guruh nogironi, 74  yoshli Dilbar Nurmamatova  tomonidan salomatligini tiklashda amaliy ko‘mak so‘ralgan murojaat kelib tushdi.

  - Men 18 yoshimda tut daraxtidan yiqilib, ikki oyog‘im shol bo‘lib qolgan. Shundan umrbod nogironlik nafaqasiga chiqsam-da, uyda o‘tirmaganman. Ikkita qo‘ltiqtayoq bilan o‘qidim. Qator yillar hisobchi bo‘lib xalq xo‘jaligining turli sohalarida mehnat qildim. 45 yillik mehnat stajiga egaman. Bugungi kunda tez-tez salomatligim yomonlashayapti. Qonim kamayib ketib, madorsiz bo‘lib qolayapman. Yaqinda shifoxonada davolanib chiqishimga qaramay yana salomatligim yomonlashdi. 800 ming so‘mdan ko‘proq nafaqa olaman. Farzandlarim yo‘q. Menga imtiyozli davolanishda yordam bersangiz, -deyilgan murojaatda.

Mazkur murojaat yuzasidan xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashi deputati Tolibboy Eshmonov Samarqand viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga deputatlik so‘rov yo‘lladi. So‘rovga javoban, murojaatchi Dilbar Nurmamatova tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, Samarqand shahar Tibbiyot birlashmasiga davolanish uchun yotqizilgan.

Ramazon oyi arafasida deputat Tolibboy Eshmonov murojaatchining holidan xabar olgani shifoxonaga bordi.

  - Men O‘zLiDeP partiyasiga, xususan deputat Tolibboy Eshmonovga minnatdorchilik bildiraman. Partiya faollari tufayli salomatligimni ancha tiklab oldim. Shifoxonada barcha muolajalar bepul amalga oshirilmoqda. Shifokorlarga ham katta rahmat! -dedi suhbatda Dilbar opa.

Tashrif davomida deputat shifokorlar bilan suhbatlashdi.

  - Bemor Dilbar Nurmamatova kasalxonamizga yotqizilganida og‘ir ahvolda edi. Qondagi gemoglobin miqdori tushgan, bosh aylanishi, madorsizlikdan shikoyat qilardi. Unga ichki qon ketish tashxisi qo‘yildi. Tibbiyot birlashmamiz tomonidan barcha choralar ko‘rilib, ikki marotaba qon va plazma qo‘yildi. Hozirda ahvoli ancha yaxshi. Bemorning kasali sababini aniqlash borasida dastlabki tekshiruvlar o‘tkazildi. Gastroskopiya tekshiruvlari qizilo‘ngach, oshqozon sohalari sog‘lom ekanligi ma’lum bo‘ldi. Endi bemorni Kolonoskopiya tekshiruvlaridan o‘tkazishimiz kerak. Ushbu muolajani o‘tkazish uskunasi bizda yo‘qligi bois xususiy klinika bilan kelishdik. Kardiolog ruxsatini olib, bemorning yo‘g‘on ichagi tekshirilgach, to‘liq tashxis qo‘yilib, davolash muolajalari davom ettiriladi,- dedi suhbatda Samarqand shahar tibbiyot birlashmasi bosh shifokor o‘rinbosari Dilafro‘z Mahmudova.

- O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi tomonidan “Xonadonma-xonadon” loyihasi doirasida 11 mingdan ortiq xonadonlarga kirilib, aholi muammolari o‘rganildi. Kelib tushgan murojaatlar yuzasidan 200 ga yaqin deputatlik so‘rovlari chiqarildi. Birgina 2019 yilning 4 oyi mobaynida viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga 30 ga yaqin so‘rovlar chiqarilgan bo‘lib, ularning aksariyati ijobiy hal etildi, - deydi O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi deputatlik guruhlari bilan ishlash bo‘limi mudiri Nodir To‘rayev.

Baxtigul Qarshiyeva,

O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi matbuot kotibi.