“Samarqandda O‘zLiDePning yuz minginchi a’zosi” aksiyasi g‘olibi aniqlandi
Bugun Markaziy bankning Samarqand viloyati Bosh boshqarmasida O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi tomonidan e’lon qilingan “Samarqandda O‘zLiDePning 100 minginchi a’zosi” aksiyasi tadbirining final bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyatdagi partiya faollari, tarafdorlari va a’zolari hamda viloyatdagi tijorat banklarida faoliyat yuritayotgan, partiya safiga kirish istagini bildirgan yoshlar ishtirok etishdi.
“Samarqandda O‘zLiDePning yuz minginchi a’zosi” aksiyasi doirasida 100 ga yaqin korxona va tashkilotlarda targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilib, viloyat miqyosida 14 000 dan ortiq yangi a’zolar qabul qilindi.
Tahlillarga ko‘ra, Markaziy bank Samarqand viloyat bosh boshqarmasi xodimi Umidaxon Niyazova “Samarqandda O‘zLiDePning yuz minginchi a’zosi” aksiyasi g‘olibi deb topildi. U. Niyazova tantanali ravishda partiya safiga qabul qilindi. Uch million yetti yuz mingdan ortiq aholi istiqomat qilayotgan Samarqand viloyatida O‘zLiDePning yuz minginchi a’zosi bo‘lish baxtiga musharraf bo‘lgan yurtdoshimiz partiyaga a’zolik guvohnomasi, O‘zLiDeP Samarqand viloyat Kengashi tomonidan tashkil etilgan 100 ta sovg‘a hamda maxsus statuetka bilan taqdirlandi.
- O‘zLiDeP partiyasining Samarqanddagi 100 minginchi a’zosi bo‘lish men uchun katta sharaf, kelajakda partiyaning faol a’zolaridan biri bo‘lishga harakat qilaman, - dedi U. Niyazova.
Tadbir doirasida 30 dan ortiq bank xodimlari partiya safiga qabul qilindi. Partiya Ustaviga muvofiq partiya a’zoligiga qabul qilinganlar soni hisobga olingan holda Markaziy bank Samarqand viloyat bosh boshqarmasida partiya a’zolarini birlashtirgan boshlang‘ich partiya tashkiloti tuzilib, maxsus raqamlangan guvohnoma topshirildi.
Baxtigul Qarshiyeva,
O‘zLiDeP Samarqand viloyat
Kengashi matbuot kotibi.