O‘zbekiston – Ozarbayjon: parlamentlar o‘rtasidagi muloqot amaliy natijalarga qaratiladi

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Samarqand shahrida bo‘lib o‘tayotgan MDH Parlamentlararo Assambleyasi kuzgi sessiyasida ishtirok etish uchun yurtimizga tashrif buyurgan Ozarbayjon Respublikasi Milliy Mejlisi Raisi Saxiba Gafarova bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida joriy yilda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyevning O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida erishilgan yuqori darajadagi kelishuvlar, xususan O‘zbekiston Respublikasi bilan Ozarbayjon Respublikasi o‘rtasidagi strategik sheriklikni chuqurlashtirish va har tomonlama hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risidagi deklaratsiyani imzolanishi mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqqani alohida ta’kidlab o‘tildi.

Muloqotda so‘nggi yillarda ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlik sur’ati yanada jadallashgani qayd etilib, shu bilan birga mavjud imkoniyatlardan yanada faolroq foydalanish, xususan, qonun ijodkorligi yo‘nalishidagi hamda qo‘mitalar o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuvda gender tenglik va oila masalalari, ikki mamlakat hududlari o‘rtasida amaliy muloqotni yo‘lga qo‘yish kabi masalalar e’tibor markazida bo‘ldi.

Shuningdek, 2022 yilning 29 iyun kuni Oliy Majlis Senati Raisi T. Narbayevaning Ozarbayjon Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston va Ozarbayjon tadbirkor ayollarining birinchi biznes-forumi o‘tkazilganligi hamda mazkur forumda sanoat, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi, hunarmandchilik kabi sohalarda samarali faoliyat yuritayotgan O‘zbekiston tadbirkor ayollari ishtirok etib, qator kelishuvlarga erishilganligi alohida ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida parlamentlarning savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi qo‘shma loyihalarni huquqiy jihatdan ta’minlash bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni faollashtirish hamda O‘zbekiston va Ozarbayjon tadbirkor ayollarining navbatdagi biznes-forumini O‘zbekistonda o‘tkazish borasida kelishib olindi.