O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasining masofaviy o‘quv kurslari boshlandi

Ushbu kurslarga akademiyaning Samarqand filialidan qatnashyapman. To‘g‘risi, ta’limning bu usulida malaka oshirishni katta qiziqish bilan boshladim.

Avvalo, masofaviy kurslarda tahsil olishi belgilangan boshqaruv kadrlari ro‘yxati shakllantirildi. Ularga login va parollar berildi hamda https://mok.dba.uz/ portalidagi masofaviy kurslardan ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Masafoviy kurslar to‘g‘risidagi zaruriy axborot bilan tezkor tarzda tanishib borish uchun boshqaruv kadrlari https://t.me/masofaviykurslar telegram kanali ham tashkil etildi. Ushbu kanalda o‘quv kursiga aloqador ma’lumotlar tezkor joylab borilmoqda.

Dastlab menga berilgan login va parollar orqali yuqoridagi aytilgan saytga kirdim. U yerda “Boshqaruv mahorati va zamonaviy boshqaruv” masofaviy o‘quv kursining o‘quv rejasi va o‘quv dasturi, “Masofaviy kurslarga kirish”, “O‘quv kursning rejasi va dasturi”, “Ta’lim portalidan foydalanish qoidalari” mavzulari bilan tanishib chiqdim. Keyin kirish testini topshirdim. Testlar davlat boshqaruvi, rahbarlik sifatlari, jamoada ishlash, Prezident nutqlari, Oliy Majlis, iqtisodiy ko‘rsatkichlar kabi yo‘nalishlar bo‘yicha ekan. Odamni izlanishga undaydi. 50 ta test, vaqt esa 50 daqiqa. Ishxonadagi rahbariyat tomonidan bo‘sh vaqt ajratib berishmasa, fikrni to‘plab test yechish qiyin. Ish joyimda o‘tirib test ishlash jarayonida xizmat yuzasidan 10 martagacha telefon qo‘ng‘iroqlari va topshiriqlar bo‘ldi.

Shu o‘rinda aytish joizki, masofadan o‘qishga jalb etilganlar uchun aynan o‘qish davrida alohida ish rejimi belgilanishi kerak. Aks holda ma’ruzalarni o‘zlashtirish samarasi tushib ketadi...

Kirish testi topshirilganidan so‘ng tinglovchi uchun masofaviy malaka oshirish kursining 12 ta moduliga kirishga ruxsat beriladi. Tinglovchi har bir modul yuzasidan ma’ruzalar matni va taqdimot materiallari, videorolik va adabiyotlar orqali mavzularni o‘zlashtirish kerak. Tinglovchi har bir modulning o‘quv materiallarini o‘zlashtirganidan so‘ng modul yuzasidan topshiriqni bajarishi va topshiriq javobini elektron shaklda portalga yuklashi lozim. Portalga topshiriq javobi yuklanganidan so‘ng modul yuzasidan oraliq test savollarini yechishga, barcha modullardagi topshiriq va test savollari tinglovchi tomonidan topshirilgach va 80 foizdan yuqori ball to‘plangandan so‘ng masofaviy kursning barcha modullari bo‘yicha chiqish testiga ruxsat beriladi. Chiqish testlaridan 56 foiz va undan yuqori ko‘rsatkich olgan tinglovchi malaka oshirish kurslarini to‘liq o‘zlashtirgan hisoblanadi va ushbu tinglovchiga o‘rnatilgan namunadagi sertifikat taqdim etiladi.

Akobir ShAMSIYeV,

Davlat boshqaruvi akademiyasining Samarqand hududiy filiali tinglovchisi.