O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi nutqi
Assalomu alaykum, hurmatli qo‘shma majlis ishtirokchilari!
Muhtaram deputat va senatorlar!
Sizlar bilan kuni kecha bo‘lib o‘tgan tadbirlarda parlament palatalarining kelgusi 5 yildagi ustuvor vazifalari haqida batafsil gaplashib oldik.
Bugun esa, Bosh vazir nomzodi hamda Hukumatning yaqin va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakatlar dasturini ko‘rib chiqib, xalqimiz farovonligi va mamlakatimiz ravnaqi uchun muhim qaror qabul qilishimiz kerak. Chunki, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarning barqaror rivojlanishi uchun aynan Bosh vazir va u rahbarlik qiladigan Hukumat mas’ul hisoblanadi.
Biz o‘tgan 3 yilda davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish, barqaror bozor iqtisodiyotini shakllantirish va tadbirkorlikni rivojlantirish, ijtimoiy sohalar, jumladan, tibbiyot, ta’lim va ilm-fan yo‘nalishlaridagi ishlarni takomillashtirish bo‘yicha qator islohotlarni boshladik.
Ma’muriy islohotlar konsepsiyasi doirasida avval egasi bo‘lmagan sohalarda 12 ta mutlaqo yangi davlat boshqaruvi organlari tashkil etildi, 20 ta vazirlik va idora faoliyati tubdan takomillashtirildi.
Ijtimoiy-iqtisodiy sohaning ustuvor yo‘nalishlarini o‘rta va uzoq muddatda jadal rivojlantirish bo‘yicha 3 yilda 30 dan ortiq konsepsiya va strategiyalar qabul qilindi.
Hukumatning, vazirlik va idoralar, joylardagi hokimlar, butun davlat boshqaruvi tizimining asosiy vazifasi – islohotlar doirasida qabul qilingan ushbu dasturiy hujjatlar ijrosini qat’iy ta’minlash, real natijadorlikka erishishdan iboratdir.
Bu borada oldimizda juda ko‘p muammoli masalalar turibdi. Ayrim muhim yo‘nalishlarda amalga oshirilayotgan islohotlarimiz bir tekis borayotgani yo‘q.
Ayniqsa, yoqilg‘i-energetika, geologiya, transport, qurilish, yo‘l qurilishi, tadbirkorlik, agrar tarmoqni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ichimlik suvi ta’minoti, aholi yashash sharoitlarini yaxshilash masalalarida xalqimiz bizdan yanada ko‘proq va aniq natijalar kutmoqda. Hozircha Hukumat ushbu sohalar bo‘yicha zimmasiga yuklatilgan vazifalarni to‘liq uddalamoqda, deb aytishga hali erta.
Joylarda juda ko‘plab muammo va masalalar o‘z yechimini topishi zarur. Odamlarimizning talab va ehtiyojlari kun sayin o‘sib bormoqda. Shuning uchun Vazirlar Mahkamasining barcha yangi a’zolaridan o‘zlari mas’ul va javobgar bo‘lgan sohalarga tanqidiy yondashib, zimmalaridagi vazifalarni samarali bajarishlari talab etiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, amaliy natijadorlik va xalq manfaatlarini ro‘yobga chiqarish har bir Hukumat a’zosi faoliyatini baholashning asosiy mezoni bo‘lishi shart.
Biz kelgusi besh yil uchun yuqori iqtisodiy o‘sishni ta’minlash, soliq-byudjet siyosatini takomillashtirish, sanoat tarmoqlari, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi, uy-joy va kommunal sohalarni rivojlantirish borasida katta marralarni belgilab oldik. Jumladan, yalpi ichki mahsulotni qariyb 2 barobar oshirish yoki 58 milliard dollardan 100 milliard dollarga yetkazish zarur.
Inflyasiya darajasini 5 foizga kamaytirish, o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan iste’mol mahsulotlari hajmini ko‘paytirish Hukumat, Markaziy bank va barcha darajadagi hokimlarning umumiy vazifasi bo‘lishi kerak.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar yillik hajmini 10 milliard dollarga yetkazish va eksport hajmini 30 milliard dollargacha ko‘paytirish kerak. Ushbu ustuvor vazifalarga erishish uchun iqtisodiyotning eng muhim tarmoqlarida aniq natijalarni ta’minlash talab etiladi. Jumladan, iqtisodiyotning asosiy drayverlaridan biri bo‘lgan qishloq xo‘jaligini tubdan isloh qilish, diversifikatsiya asosida eksport hajmini keskin oshirish, sohaga agrar va suvni tejaydigan yuqori texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan, uzoq muddatga mo‘ljallangan strategiya qabul qilindi.
Eng muhimi, bu ishlarimizning bosh maqsadi – fermer va dehqonlarning manfaatdorligini yanada oshirish, qishloqlarda zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari va yangi ish o‘rinlari barpo etishdan iborat.
Boshoqli donning o‘rtacha hosildorligini 75 sentnerga yetkazish, umumiy ekin maydonlari tarkibida ozuqa ekin maydonlarini 12 foizga kengaytirish lozim.
Meva-sabzavotchilik va chorvachilik, ta’bir joiz bo‘lsa, qishloq xo‘jaligining asosiy lokomotivlari bo‘lishi kerak.
Meva-sabzavotchilikda eksport hajmini 2025 yilda kamida 5 milliard dollardan oshirish, buning uchun kooperatsiya va klaster tizimini jadal joriy etish, mahsulotni saqlash, tashish va qayta ishlashning yaxlit va zamonaviy infratuzilmasini tashkil etish va yanada kengaytirish lozim.
Chorvachilikni rivojlantirish maqsadida zamonaviy chorva komplekslari va oilaviy kooperatsiyalar barpo etish, ilm-fan va yuqori texnologiyalarga asoslangan holda chorva naslini 60 foizga yaxshilash uchun barcha choralarni ko‘rish zarur.
Oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida Hukumat oldida mahsulot ishlab chiqarish hajmini kelgusi besh yilda 2,5 barobar oshirish vazifasi ham turibdi.
Global sharoitda, ayniqsa, mintaqamizda yildan-yilga kamayib borayotgan suv resurslaridan oqilona va samarali foydalanish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmas choralarni ko‘rish talab etiladi.
Kelgusi besh yilda sug‘oriladigan yerlarning kamida 30 foiziga tomchilatib, yomg‘irlatib sug‘orish va boshqa suv tejaydigan texnologiyalarni joriy etish zarur. Shuningdek, suv hisobini yuritish tizimini tatbiq qilish hamda suv balansini muntazam ravishda olib borish kerak.
Davlat-xususiy sheriklikni keng joriy etish hisobidan suv inshootlari ekspluatatsiya va investitsiya xarajatlarini kamida 15 foizga qisqartirish choralarini ko‘rish lozim.
Zamonaviy texnologiyalar hisobidan raqobatdosh va ilg‘or qishloq xo‘jaligi texnikalarini yetarli darajada ishlab chiqarish orqali fermer va klasterlarni texnika bilan ta’minlash ko‘rsatkichini hozirgi 45 foizdan kamida 70 foizga yetkazish zarur.
Bu borada import qilinayotgan mahsulotlarni o‘zimizda ishlab chiqarish hamda ularning tashqi bozorlarga chiqishini alohida nazoratga olish kerak.
Iqtisodiyotni jadal rivojlantirish yo‘lidagi eng katta xavf-xatarlardan yana biri – bu neft-gaz va energetika tarmog‘idagi mavjud muammolar bilan bog‘liq.
Hukumat bu sohalarni transformatsiya qilish, ularga xususiy sektorni faol jalb etish, hisob-kitobni joy-joyiga qo‘yish orqali ortiqcha yo‘qotishlarni to‘liq qisqartirish va talon-tarojliklarning oldini olish bo‘yicha ta’sirchan choralarni ko‘rishi zarur.
Neft-gaz sohasida 2025 yilda yoqilg‘i mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 5,2 million tonnaga oshirish, buning uchun bu yil 4,1 milliard dollarlik 5 ta ob’yektni ishga tushirish kerak.
Kelgusi besh yilda elektr energiyasi ishlab chiqarishni kamida 80 milliard kilovatt soatga yetkazish, shuning kamida 20 foizini qayta tiklanadigan energiya manbalari hisobidan ta’minlash talab etiladi. Shuningdek, 2020 yilda elektr energiyasi bo‘yicha 7 million, 2022 yilda tabiiy gaz bo‘yicha 3,5 million iste’molchilarni hisobga olish va ularning avtomatlashgan nazorat tizimiga ulanishini ta’minlash uchun Hukumat zarur chora-tadbirlarni ko‘rishi kerak.
Mamlakatimizda mavjud tabiiy resurslardan oqilona va samarali foydalanish uchun barcha amaliy choralarni ko‘rishimiz zarur. Buning uchun Hukumat geologiya sohasini tubdan isloh qilish bo‘yicha qabul qilingan dasturiy hujjatlar ijrosini to‘liq bajarishi shart.
Tog‘-kon sanoatida amalga oshirilayotgan chuqur tarkibiy o‘zgarishlar va yirik investitsiya loyihalari hisobidan mahsulot ishlab chiqarish hajmini 2025 yilgacha 1,5 barobar ko‘paytirish lozim.
Mavjud xomashyo bazasini to‘liq safarbar etish, chet eldan olib kelinayotgan mahsulotlarni o‘zimizda chiqarishni ko‘paytirish, eksport hajmini oshirish hisobidan qurilish materiallari ishlab chiqarishni shu davrda 3 barobar ko‘paytirish eng muhim vazifalardan biridir.
To‘qimachilik va charm-poyabzal sanoati sohalarida mahalliy xomashyoni to‘liq qayta ishlash va eksportni keskin oshirish zarur. Bu borada 2025 yilda to‘qimachilik va charm sanoatida yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulot ishlab chiqarishni 4-5 barobar oshirib, 8 milliard dollarlik eksportni ta’minlash kerak.
Yuqori texnologiyalar asosida elektrotexnika sanoatini jadal rivojlantirish, maishiy texnika va sanoat elektr uskunalari, kabel mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish lozim. Buning uchun bu yil ishlab chiqarishni 1,5 barobar oshirib, eksport hajmini 2022 yilgacha 500 million dollarga yetkazish talab qilinadi.
Avtomobil sanoatida 2023 yilgacha yengil va yuk avtomobillari hamda avtobuslar ishlab chiqarish hajmini 360 ming donaga yetkazish, shundan kamida 100 ming donasini xorijga eksport qilish soha mas’ullari uchun asosiy vazifa bo‘ladi.
Kimyo sanoatida nafaqat mavjud mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish, balki polimer, kichik tonnajli kimyo mahsulotlari ishlab chiqarishni keng yo‘lga qo‘yish kerak.
Hukumatdan chet el investorlari bilan birga tabiiy gazni chuqur qayta ishlashga qaratilgan yangi yirik loyihalarni amalga oshirish talab etiladi. Shuningdek, Hukumat kimyo sanoatini rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan dasturning to‘liq bajarilishini ta’minlab, tarmoqda mineral o‘g‘it ishlab chiqarish ulushini 76 foizdan 33 foizga kamaytirishni o‘zi uchun asosiy vazifalardan biri sifatida belgilab olishi lozim.
Farmatsevtika sohasida kelgusi 5 yilda mahalliy dori vositalari ishlab chiqarish hajmining ichki bozordagi ulushini 45 foizdan 70 foizga oshirish va eksportni 100 million dollarga yetkazish zarur.
Biz xorijiy turistlar sonini 12 million nafardan oshirish vazifasini belgilab olganmiz. Buni amalga oshirish uchun, birinchi navbatda, infratuzilmalarni yaxshilash, mehmonxonalar sonini ko‘paytirish, transport tarmoqlarini rivojlantirish va xizmatlar sifatini yuksaltirish Hukumat va hokimliklarning asosiy diqqat-e’tiborida bo‘lishi lozim.
Yuqorida aytilgan barcha rejalarni ro‘yobga chiqarish hisobidan ishsizlikni 7 foizga kamaytirib, yiliga kamida 500 mingta ish joyi yaratish, aholi daromadini 2 barobar oshirish – yangi Hukumat oldidagi muhim vazifadir.
Ijtimoiy sohadagi islohotlar ham Hukumat oldiga aniq vazifalarni qo‘ymoqda. Jumladan, aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini hozirgi 74,6 yoshdan 76 yoshga yetkazish va go‘daklar o‘limi ko‘rsatkichini hozirgi 10 promilledan 1,5 barobar kamaytirib, 7 promillega tushirish lozim. O‘lim ko‘rsatkichini saraton kasalligi bo‘yicha hozirgi 73 foizdan 65 foizga, yurak-qon tomir kasalliklari bo‘yicha esa bugungi 41 foizdan 30 foizga tushirish ustida sog‘liqni saqlash vazirligi jiddiy chora-tadbirlar ko‘rishi kerak.
Bundan tashqari, aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash, yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish kabi og‘ir hayotiy masalalarni uzil-kesil hal etish lozim.
Shu bilan birga, zarur shart-sharoitlarga ega bo‘lgan uy-joylarda yashaydigan aholi sonini 65 foizga yetkazish ustuvor yo‘nalishlardan biridir. Bu borada Hukumatdan, ipoteka krediti berishning yangi tartibiga binoan, xususiy pudrat tashkilotlarini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, aholining ehtiyojmand qatlamini qo‘llab-quvvatlashning aniq mexanizmlarini joriy etish talab etiladi. Bu masala bo‘yicha barcha viloyat, tuman va shahar hokimlarining mas’uliyatini oshirish zarurligini alohida ta’kidlamoqchiman.
Issiqlik ta’minoti sohasida joriy yil Toshkent shahrida, 2022 yilga qadar Namangan, Jizzax, Qashqadaryo va Buxoro viloyatlarida davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirish zarur.
Barchamiz bir fikrni chuqur tushunib olishimiz kerak: biz o‘z oldimizga qo‘ygan ana shunday ustuvor vazifalar – juda murakkab va haqiqatan ham ulkan marralardir.
Shu bilan birga, vaqt o‘tgani sayin dunyo ham o‘zgarmoqda, odamlarimizning yaxshi yashashga bo‘lgan talablari ham ortib bormoqda. Endi kechagi natija bilan xalqimizni rozi qila olmaymiz. Bugungi kun har kuni izlanish, yangilik yaratishni talab etmoqda. Faqat ana shunday talablar asosida ish olib borib, xalqimizning hayotini yaxshi tomonga o‘zgartirish mumkin.
Vazirlar Mahkamasi ushbu vazifalar ijrosini to‘la ta’minlash uchun ish uslubini tubdan takomillashtirishi, o‘z faoliyatini samarali tashkil etishi kerak.
Birinchidan, Hukumat qonun, farmon va qarorlar ijrosini to‘g‘ri tashkil etib, amalga oshirilayotgan islohotlarning har bir tuman va qishloqqa, hatto olis va chekka hududlargacha yetib borishini ta’minlashi zarur.
Biz qancha mukammal qonun, farmon va qarorlar qabul qilmaylik, agar ular joylarda yetarlicha amalga oshirilmasa, shuncha mehnat va sa’y-harakatimiz natijasi sezilmay qolaveradi. Shuning uchun vazirlik va idoralar hamda joylardagi hokimliklar ishini oqilona va samarali yo‘lga qo‘yish Vazirlar Mahkamasining bosh vazifasi bo‘lishi lozim.
Endi har bir topshiriqning ijro etilgani qog‘ozga qarab emas, erishilgan pirovard natijaga qarab baholanadi.
Shu bois, barcha darajadagi ijro organlarida intizomni kuchaytirish, belgilangan vazifa va topshiriqlar natijadorligini tanqidiy tahlil qilishning ta’sirchan mexanizmlarini joriy etish zarur.
Bunda Vazirlar Mahkamasi va Hisob palatasi bir oy muddatda ijroni nazorat qilish borasidagi yondashuvlarini tubdan takomillashtirishi lozim. Vazirlik va idoralarning quyi tuzilmalari bilan birgalikdagi faoliyati ustidan vertikal nazorat ham e’tibordan chetda qolmasligi kerak.
Eng asosiysi, Hukumat markaziy idoralarning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi hamda hokimliklar bilan hamkorligini va ular o‘rtasidagi manfaatlar muvozanatini ta’minlash uchun mas’ul va javobgar bo‘ladi. Buning uchun mamlakatimiz darajasida qarorlar qabul qilishda hokimliklarning ishtirokini oshirish lozim. Ya’ni ishlab chiqilayotgan qaror loyihalarini mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan ham kelishish tartibini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqdir.
Shuni alohida qayd etib o‘tmoqchiman, ijtimoiy, iqtisodiy sohalardagi va ma’naviy hayotga oid qonun hujjatlari ijrosi bilan bog‘liq barcha muammolar o‘z yechimini Hukumat darajasida topishi kerak. Xususan, turistlar oqimini ko‘paytirishda havo, temir yo‘l transporti xarajatlarini kamaytirish, biletlar narxini arzon qilish, yo‘llar sifati va infratuzilmasini yaxshilash kabi qator muammolar mavjud. Ularning yechimi yuzasidan Turizm qo‘mitasi va Transport vazirligi o‘rtasida yagona siyosat va yondashuv bo‘lishi kerak.
Yoki investitsiya kiritish va unga to‘siq bo‘layotgan turli muammolar bir vaqtda muhokama qilinib, o‘sha joyning o‘zida ularning yechimlari topilishi zarur. Shu bois, Hukumat a’zolari eng dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalar bo‘yicha haftada kamida bir marta yig‘ilib, xalqimizni qiynagan muammolarni o‘rtaga tashlab, yuzma-yuz o‘tirib, muhokama qilishlari, ularning yechimini tezkorlik bilan, ahil va yakdil jamoa bo‘lib hal etib borishlari maqsadga muvofiqdir.
Vazirlar Mahkamasi huzurida tashkil etilgan, lekin yig‘ilmasdan va real muhokama o‘tkazmasdan qaror qabul qiladigan komissiya va ishchi guruhlarni tugatish vaqti yetdi.
Yana bir masala – ijro hokimiyati idoralari qabul qilingan qarorlarning bajarilishi yuzasidan ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish orqali va boshqa shakllarda keng jamoatchilik fikrini muntazam ravishda o‘rganib borishi kerak. Shu bilan birga, elektron portal, ijtimoiy tarmoqlarda maxsus sahifalar tashkil etib, aholi bilan “qayta aloqa” tizimini yo‘lga qo‘yish lozim.
Ikkinchidan, har bir ijro organi o‘zi mas’ul bo‘lgan sohani o‘rta va uzoq istiqbolda rivojlantirish bo‘yicha aniq reja va dasturlarga ega bo‘lishi zarur.
Afsuski, hozirgi kunda hamma rahbarlar ham bu talabni to‘liq tushunayotgani va ahamiyatini chuqur anglab yetayotgani yo‘q, desak, bu ham to‘g‘ri bo‘ladi. Aksariyat mutasaddilar muammolarning o‘z vaqtida oldini olish o‘rniga, bor kuch va resurslarni ularning oqibatlarini bartaraf etishga samarasiz sarflamoqda.
Endi ish faoliyatini faqat ishxonasida o‘tkazgan va qog‘ozbozlikka berilib, amaliy natijani keyingi o‘ringa tushirib qo‘ygan rahbarlar bilan xayrlashamiz. Qonunchilik palatasi deputatlaridan ham Vazirlar Mahkamasi yangi tarkibini ko‘rib chiqishda ushbu masalalarga alohida e’tibor berishlarini so‘ragan bo‘lar edim.
Tarmoq va hududlar rahbarlari faoliyatini samarali tashkil etish uchun zamonaviy menejment tizimiga o‘tishimiz lozim. Vazirlik va idoralar rahbarlari ish uslubini o‘zgartirib, mas’uliyat va javobgarlikni o‘z zimmasiga olishni o‘rganishi kerak.
Aholi va tadbirkorlar muammolarini hal etish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ilgari surib, ularni hayotga joriy etish rahbarlar faoliyatini baholashning asosiy mezoniga aylanishi lozim.
O‘z vaqtida hal qilinmagan muammolar joylardagi aholi kayfiyati va turmush sharoitiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini bir soniya bo‘lsa ham unutmasligimiz zarur.
Bosh vazir va Hukumat a’zolaridan boshlab ijro hokimiyati organlarining barcha darajadagi rahbar va xodimlari faoliyatiga natijadorlik mezonlari (KRI) asosida baholash tizimini joriy etish maqsadga muvofiqdir.
Ushbu tizimni xalqaro reyting va indeks ko‘rsatkichlari bilan uyg‘unlashtirish talab etiladi. Binobarin, ulardagi baholash mezonlarining barchasi xalqimizning mushkulini oson etishga xizmat qiladi. Axir, biz uchun eng muhim, aytish mumkinki, birlamchi vazifa aynan shu emasmi?
Misol uchun, Jahon bankining o‘tgan yilgi “Davlat boshqaruvi indikatori”da mamlakatimiz 5 ta ko‘rsatkich bo‘yicha o‘z o‘rnini yaxshiladi. Bunga erishish uchun xalq dardini eshitadigan, uning og‘irini yengil qiladigan samarali tizim yaratdik, matbuot erkinligi hamda davlat idoralarining aholi oldidagi hisobdorligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni boshladik.
Bundan foyda bo‘ldimi? Albatta, foyda bo‘ldi.
Yoki yana bir misol, 2 ta soliq turini birlashtirganimiz “Biznes yuritish” reytingining soliqqa tortish yo‘nalishidagi ko‘rsatkichimiz yaxshilanishiga sabab bo‘ldi. Bundan kim ko‘p manfaat ko‘rdi? Albatta, tadbirkor va ishbilarmonlarimiz. Chunki soliq to‘lash shakli va jarayonlari keskin soddalashdi.
Shuningdek, mahalliy ijro hokimiyati organlari faoliyatini kompleks baholash tizimini yaratish maqsadida Hududlarning rivojlanish indeksi ishlab chiqilishi lozim. Hukumat mazkur indeks asosida hududlarga oid siyosatni belgilashi, mahalliy byudjetlarga moliyaviy ko‘mak berish hamda rahbarlarni rag‘batlantirish masalalarini puxta ko‘rib chiqishi kerak.
Xususan, tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qaysi hududda infratuzilma yetishmayapti, qaysi hududga ko‘proq bank resurslari va subsidiyalar kerak, degan savollarga javobni ana shu indeks ko‘rsatib berishi zarur.
Uchinchidan, davlat organlari faoliyati hamda amalga oshirilayotgan islohotlar ommaviy axborot vositalarida keng yoritilishi ustuvor vazifaga aylanishi kerak.
Ijro hokimiyati organlari iqtisodiy, ijtimoiy va ma’naviy sohalardagi islohotlar, qabul qilinayotgan hujjatlarning mohiyati va ahamiyati hamda ijrosi haqida xalqimizga sodda va ravon tilda tushuntirish berib borishlari lozim. Bu borada ommaviy axborot vositalaridan, ijtimoiy tarmoqlar, veb-saytlardan keng foydalanish, matbuot anjumanlari, brifinglar, media-turlar tashkil etish zarur.
Shuningdek, Hukumat, vazirlik va idoralar, hududlar rahbarlari ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda ko‘tarilayotgan dolzarb masalalar bo‘yicha tezkor choralar ko‘rishi va ularga prinsipial munosabat bildirishi lozim. Bu boradagi ishlarni samarali tashkil etish uchun har bir idora o‘zining media dasturini ishlab chiqishi, Vazirlar Mahkamasi bu masalaning ijrosini qat’iy nazoratga olishi zarur.
Har bir vazirlik va idora ma’lumotlar ochiqligi faoliyatini tanqidiy ko‘rib chiqib, o‘zining veb-saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida ma’lumotlarni muntazam joylashtirishi va yangilab borishi zarur.
Yana bir masala – hozirgi vaqtda qarorlar loyihasini elektron portal orqali keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish tizimi ishlayotgani, bu jarayonda xalqimiz o‘z fikr-mulohazalari, taklif va tashabbuslari bilan ishtirok etayotgani ijobiy natija bermoqda.
Jumladan, Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga qo‘yilgan 4 mingga yaqin qonun hujjatlari loyihasiga 17 mingdan ziyod taklif kiritilgan bo‘lib, mingdan ortiq hujjatlar qayta ishlangan.
Shu bilan birga, qabul qilingan qarorlarning amalda qanday ishlayotganini baholash tizimi mavjud emas. Vazirlar Mahkamasi qarorlarning samaradorligi va natijadorligi bo‘yicha aholi fikrini o‘rganish tizimini amaliyotda qo‘llash yuzasidan taklif ishlab chiqsin.
Ishonchim komil, bunday chora-tadbirlar Hukumatni xalqqa yaqinlashtiradi. Ayni vaqtda qabul qilinayotgan qarorlar sifati va rahbarlar mas’uliyatini ham oshiradi.
To‘rtinchidan, qonun chiqaruvchi va ijro hokimiyati o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarish va uning samaradorligini oshirishning fursati keldi.
Vazirlar Mahkamasi parlamentga tayyorlab kiritilayotgan qonun loyihalari sifatini oshirishga jiddiy e’tibor qaratishi zarur. Hukumat, har bir vazirlik va idora qonunchilikni yangilash va tizimlashtirish bo‘yicha yangicha ish uslubiga o‘tishi lozim.
Qonunchilik palatasida qonun loyihalari hamkorlikda ko‘rib chiqilishini, Hukumat – qo‘mita – Qonunchilik palatasi o‘rtasida faoliyat uyg‘unligini ta’minlash zarur.
Yana bir muhim masala – ijro hokimiyati organlari rahbarlarining Oliy Majlis palatalari oldidagi hisobdorligini yanada oshirish kerak. Bu borada har yili Davlat dasturi ijrosi yuzasidan Hukumat hisobotini eshitish tizimi joriy etildi. Endi ijro hokimiyati organlari muhim ijtimoiy-iqtisodiy masalalar yuzasidan parlament palatalari oldida muntazam ravishda hisobot berishi zarur.
Mazkur hisobotlar jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida o‘tkazilishi lozim. Bu – qonun chiqaruvchi va ijro hokimiyati o‘rtasidagi o‘ziga xos muloqot maydoni sifatida ijobiy natijasini ko‘rsatishiga menda hech qanday shubha yo‘q.
Qadrli do‘stlar!
Konstitutsiyamizning 98-moddasiga ko‘ra, Bosh vazir nomzodi Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovda eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini qo‘lga kiritgan siyosiy partiya tomonidan taklif etiladi.
Xabaringiz bor, saylovlarda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi Qonunchilik palatasida eng ko‘p, ya’ni 53 nafar deputatlik o‘rnini egalladi. Ushbu partiyadan saylangan deputatlarni hamda O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining barcha a’zolarini ana shunday yuksak natija bilan samimiy tabriklayman.
Partiyaning kuni kecha bo‘lib o‘tgan Siyosiy kengashi majlisida Bosh vazir nomzodi ko‘rib chiqildi va Prezidentga taqdim etildi.
Bosh vazir lavozimiga nomzod tanlash va uni tasdiqlash haqida gap borar ekan, albatta, bu o‘ta murakkab va mas’uliyatli masala ekanini barchamiz juda yaxshi tushunamiz. Chunki bu lavozimga har tomonlama chuqur bilim va katta tajribaga, keng tafakkur va zamonaviy fikrlash qobiliyatiga ega bo‘lgan, jonkuyar, o‘ziga va boshqalarga talabchan hamda tashkilotchi nomzod tanlanishi zarur.
Albatta, turli sinovlarda toblangan, javobgarlikni zimmasiga olishga qodir, odamlar bilan til topisha oladigan, ularning hurmatini qozongan, qisqacha aytganda, ko‘pni ko‘rgan va jonkuyar insonni topish ancha og‘ir va murakkab vazifadir.
Shu ma’noda, bugun Sizlarning muhokamangizga taqdim etiladigan nomzod o‘z faoliyati va avvalgi lavozimlarida amalga oshirgan ishlari bilan el-yurtimiz erishgan yutuqlarga munosib hissa qo‘shgan shaxs bo‘lishi kerak.
Biz bu masala bo‘yicha juda ko‘p o‘ylab, tegishli maslahat va kengashlar o‘tkazdik. Jumladan, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi rahbariyati va faollari bilan ham atroflicha maslahatlashib oldik.
Bildirilgan barcha fikr-mulohazalarni inobatga olgan holda, men ushbu o‘ta mas’uliyatli lavozimga ham amaliy sohada, ham markaziy idoralarda ko‘p yillik boshqaruv ko‘nikmasi va tajribasiga ega bo‘lgan, so‘nggi uch yil davomida Bosh vazir lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan Abdulla Nigmatovich Aripov nomzodini tavsiya etaman.
Abdulla Aripov bugungi kunda oldimizda turgan juda katta vazifalarni hal etishda Vazirlar Mahkamasi faoliyatini samarali tashkil etish, Hukumat a’zolari, hokimlar va boshqa rahbarlar bilan bir yoqadan bosh chiqarib, barchani safarbar qilish salohiyatiga ega ekanini alohida ta’kidlashni istardim.
Shuning uchun siz, hurmatli deputat va senatorlardan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri lavozimiga tavsiya etilgan Abdulla Nigmatovich Aripov nomzodini qo‘llab-quvvatlashingizni so‘rayman.
Hurmatli deputat va senatorlar!
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yaqin kunlarda parlamentga taqdim etiladigan Murojaatnomasida O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, davlat va jamiyat qurilishi, sud-huquq sohalari hamda xalqaro munosabatlardagi eng ustuvor vazifalarni batafsil muhokama qilib olamiz.
Xulosa sifatida shuni ta’kidlab aytmoqchimanki, jonajon Vatanimiz taraqqiyoti yo‘lida bir tanu bir jon bo‘lib, belni mahkam bog‘lab harakat qilish, boshlagan islohotlarimizni jadal davom ettirish – kelgusi 5 yilda Parlament uchun ham, Hukumat uchun ham g‘oyatda muhim va ustuvor vazifa bo‘lib qoladi. Shuning uchun barchangizni yaqin hamkorlikda ish olib borishga chaqiraman.
Shu yo‘lda hammangizga sihat-salomatlik, faoliyatingizda ulkan zafarlar, baxt va omadlar yor bo‘lishini tilayman.
E’tiboringiz uchun rahmat.