O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olish muddati 2022 yildan 2023 yilga ko‘chirildi

Bugungi kunda dunyoda kuzatilayotgan koronavirus pandemiyasi sababli ko‘pgina davlatlar aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish muddatlarini keyingi yillarga ko‘chirish choralarini ko‘rmoqda. Jumladan, 2020 yilda Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston va Armaniston Respublikalarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan aholini ro‘yxatga olish tadbirlari 2021 yilga ko‘chirildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 5 fevraldagi PF-5655-son farmoniga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasida aholini ro‘yxatga olish 2022 yilda o‘tkazilishi belgilangan edi. Aholini ro‘yxatga olish tadbiri keng ko‘lamli, ko‘p vaqt va katta mablag‘ talab etadigan tadbir bo‘lib, uni o‘tkazish uchun 2-3 yil davomida tayyorgarlik ishlarini olib borish talab etiladi.

Respublikamizda mustaqillik yillarida aholini ro‘yxatga olish tadbiri ilk bor o‘tkazilayotganligini inobatga olib, tadbirga puxta tayyorgarlik ko‘rish va uni sifatli o‘tkazish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 11 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida 2023 yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Qarori bilan respublikamizda aholini ro‘yxatga olish tadbiri 2023 yilda o‘tkazilishi belgilandi.

Bu haqda Samarqand viloyati statistika boshqarmasi xabar berdi.