O‘zbekiston saylov qonunchiligida jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda
Regulation.gov.uz portaliga «O‘zbekiston milliy saylov tizimini yanada demokratlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Prezident farmoni loyihasi jamoat muhokamasiga qo‘yildi.
Unga ko‘ra, Markaziy saylov komissiyasi quyidagi o‘zgartirishlarni kiritishni taklif etmoqda:
- partiyalarga xususiy mablag‘larni jalb qilishga ruxsat berish;
- saylovlarni o‘tkazish sanasini dekabr oyidan mart oyiga ko‘chirish;
- saylovchilarning qo‘llab-quvvatlovchi imzolarini to‘plashni bekor qilish;
- saylov byulletenida nomzodning lavozimi va ish joyi haqidagi ma’lumotlarni bermaslik;
- "mutlaq ko‘pchilik" qoidasi o‘rniga "nisbiy ko‘pchilik" qoidasini o‘rnatish;
- sud tomonidan muomalaga layoqatsiz, deb topilgan shaxslarga saylash huquqini berish;
- bir nomzod faqat bitta vakillik organiga deputat etib saylanishi qoidasini o‘rnatish va boshqalar.
Farmon loyihasining muhokamalari 4 iyungacha davom etadi.