O‘zbekiston - umumiy uyimiz!

Shu kunlarda yurtimiz bo‘ylab mustaqilligimizning 32 yilligi munosabati bilan “Yangi hayot uchun, yangi O‘zbekiston uchun” shiori ostida madaniy-ma’rifiy tadbirlar, davra suhbatlari o‘tkazilmoqda.

Ana shunday tadbirlardan biri Samarqand shahridagi “Do‘stlik uyi”da tashkil etildi. “O‘zbekiston umumiy uyimiz” shiori ostida o‘tkazilgan davra suhbatida viloyatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan 11 ta milliy madaniyat markazlari raislari va a’zolari ishtirok etdi.
Tadbirda so‘z olganlar bugungi kunda yuritimizda turli millat va elatlar vakillari o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik va hamjihatlik munosabatlarini mustahkam saqlash, o‘z tarixini o‘rganish, madaniyati va san’ati, urf-odatlari va an’analarini saqlash hamda rivojlantirishga ko‘maklashishga katta hissa qo‘shayotganligi alohida ta’kidlashdi.
Davra suhbatining davomi “Yoshlik” istirohat bog‘ida tashkil etilgan madaniy tadbirga ulanib ketdi. Unda Samarqand shahrida istiqomat qilayotgan turli millat vakillari ishtirok etdi. Tadbir qatnashchilarining, garchi millati, tili, e’tiqodi turlicha bo‘lsa-da, maqsadi yagona ekanligi ularning har bir chiqishida, kuy-qo‘shiqlarida o‘z ifodasini topdi.