O‘zbekiston - umumiy uyimiz

Mustaqillikning dastlabki yillaridan boshlab mamlakatimizda bag‘rikenglik va insonparvarlik madaniyatini rivojlantirish, millatlararo hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlash, barcha fuqarolarga millati, dini va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar teng huquq va imkoniyatlar yaratish davlat siyosatining muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilandi.

Shu asosda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi tashkil etildi. Millatlararo do‘stlik va birdamlik munosabatlarini mustahkamlash, barcha millatlarning o‘z qadriyatlarini saqlab qolishi uchun teng sharoitlar yaratib berish, milliy madaniy markazlar faoliyatini kuchaytirish kabi dolzarb vazifalarni amalga oshirish borasidagi xayrli ishlar yangi bosqichga ko‘tarildi.

Amalga oshirilayotgan ezgu sa’y-harakatlar natijasida bugun yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari hamjihatlikda, bir oila farzandidek yashab, mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Shuningdek, 143 ta milliy-madaniy markaz samarali faoliyat yuritmoqda. Respublikamizdagi barcha milliy madaniy markazlar davlat miqyosidagi umumxalq bayramlari, tadbirlarida faol ishtirok etib kelmoqda. Mustaqillik bayramiga bag‘ishlab o‘tkaziladigan «O‘zbekiston - umumiy uyimiz», «Bizning kuchimiz - birlik va hamjihatlikda» kabi festivallar millatlararo do‘stlik rishtalarining yanada mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.

Bunday tadbirlar viloyatimizda ham yuqori saviyada o‘tkazib kelinmoqda. Shuningdek, viloyatimizdagi mavjud 10 dan ortiq milliy-madaniy markaz vakillari o‘z tarixini o‘rganish, madaniyati va san’ati, urf-odatlari va an’analarini saqlash hamda rivojlantirishga ko‘maklashishga katta hissa qo‘shmoqda. Aksariyat madaniy markazlarda «Yakshanba maktablari» tashkil etilgan. Ularda yoshlarga o‘zbek tili va o‘z ona tili, urf-odat va an’analar, madaniyat va san’at yo‘nalishlarida bilim berib boriladi.

Bunday xayrli tadbirlar tashkil etishda partiyamiz ham chetda turgani yo‘q. “Milliy tiklanish” partiyasi viloyat kengashi 357 nafar turli millat vakillarini o‘zi safiga qabul qildi. Bundan tashqari, viloyat partiya tashkiloti va milliy-madaniy markazlar bilan hamkorlikda 50 dan ortiq turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazildi. Keng jamoatchilik orasida bag‘rikenglik va insonparvarlik, millatlararo va konfessiyalararo hamjihatlik g‘oyalari keng targ‘ib qilindi.

Shu yildan boshlab partiyamiz a’zolari va deputatlar joylarda millatlararo totuvlik, birdamlik va yakdillikni yanada mustahkamlashga qaratilgan an’anaviy “Ko‘p millatli oila” loyihasini amalga oshirishni maqsad qilgan.

Dilbar Muqumova,

“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Samarqand viloyat kengashi “Ayollar qanoti” yetakchisi.