“O‘zbekiston – Yaman” uchrashuvi chiptalari sotuvga chiqarildi. Eng arzon chipta 25 000 so‘m

O‘zbekiston milliy terma jamoasi 10 oktyabr kuni Jahon chempionati-2022 ikkinchi saralash bosqichi doirasida Yaman bilan bahs olib boradi.

Chiptalar oldi-sotdisi jarayonini tartibga solish, chiptalarning olib-sotarlar qo‘lida qaytadan sotilishining oldini olish, qolaversa, muxlislar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish maqsadida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi iticket.uz chiptalar operatori bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi, deb xabar beradi O‘FA rasmiy sayti.

Natijada iticket.uz milliy terma jamoa o‘yini chiptalari savdosini to‘liq hajmda amalga oshiradi.

Qayd etish joiz, O‘zbekiston va Yaman milliy terma jamoalari uchrashuvi chiptalari sotuvga chiqarildi. Endilikda ishqibozlar vaqtlarini ketkazmay, stadion kassalarida uzundan-uzun navbatlarda turmasdan, uydan chiqmagan holda ham elektron shaklda chiptalar xarid qilish imkoniga ega bo‘lishadi.

Ayni paytda muxlislar “O‘zbekiston – Yaman” uchrashuvi chiptalarini iticket.uz saytida, shuningdek, “Humo Arena”, “Samarqand darvoza” hamda “Compass” savdo majmualarida ham xarid qilishlari mumkin.

Chiptalar 3 ta toifada chiqarilgan:

1-toifa – 35 000 so‘m;

2-toifa – 25 000 so‘m;

CIP – 75 000 so‘m.

Bir kishi ko‘pi bilan 5 tagacha chipta xarid qilishi mumkin.

Ta’kidlab o‘tamiz,  JCh-2022 saralashining 2-bosqich 3-turi doirasidagi “O‘zbekiston – Yaman” uchrashuvi 10 oktyabr kuni poytaxtimizdagi “Paxtakor” stadionida bo‘lib o‘tadi. O‘yin soat 17:00da boshlanadi.

Chipta bo‘yicha batafsil ma’lumotni iticket.uz saytidan olishingiz mumkin.