Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

O‘zbekistonda bioiqtisodiyot bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi

Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filialida “Mamlakatlar va hududlarning barqaror rivojlanishi uchun bioiqtisodiyot” nomli birinchi xalqaro ilmiy-amaliy forum boshlandi.

Forum O‘zbekiston, Latviya, Litva va Finlandiya davlatlarining yettita universiteti hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamkorligida tashkil etildi. Tadbirda ilmiy xodimlar, davlat muassasalari, iqtisodiyotning turli tarmoq korxonalari vakillari hamda xalqaro va mahalliy ekspertlar delegatsiyalari ishtirok etdi.

- O‘zbekiston tarmoq iqtisodiyotidan bioiqtisodiyotga yanada samarali o‘tishni amalga oshirish uchun ulkan salohiyatga ega, ammo bu maqsadlarga erishish uchun mamlakatda bioiqtisodiy yondashuvlarni sanoat amaliyotiga joriy etadigan yuqori malakali mutaxassislarga muhtoj, - dedi filial direktori, iqtisodiyot fanlari doktori Shavkat Hasanov. - Mana shu loyiha doirasida joriy 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab to‘rtta oliy ta’lim muassasasi, jumladan, Toshkent davlat agrar universiteti, Toshkent davlat agrar universiteti Samarqand filiali, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universiteti va Buxoro davlat universitetida jami oltitadan 24 nafar magistrlar qabul qilinadi. O‘zbekistonda iqtisodiyotning yangi sektori bo‘lgan bioiqtisodiyot bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. Loyiha Erasmus+ dasturi tomonidan moliyalashtiriladi.

Forumda O‘zbekistonda bioiqtisodiyotni rivojlantirish imkoniyatlari, uning mohiyati, o‘rni, afzalliklari, tarmoq yondashuvidan farqlari, yagona bioiqtisodiy ekotizimda turli sub’yektlarning vazifalari va afzalliklari haqida fikr yuritildi.

Ikki kun davom etadigan forumda xorijiy hamkor oliy ta’lim muassasalari bilan bioiqtisodiyot yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlash bo‘yicha tajriba almashiladi.