O‘zbekistonda dizel yonilg‘isining narxi arzonladi

2020 yilning 1 mart kunidan boshlab “O‘zbekneftgaz” AJning “UNG” milliy brendi ostidagi yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘ida dizel yonilg‘isining narxi 200 so‘mga kamaytirilgan edi.

Ertaga, 3 aprel kunidan e’tiboran, dizel yonilg‘isi narxi 300 so‘mga arzonlashtirilgan holda sotuvga chiqariladi. Guvohi bo‘layotganingizdek, dizel yonilg‘isining narxi bir oy vaqt davomida 500 so‘mga pasaydi.

Narxlar masalasida shuni ta’kidlash kerakki, “O‘zbekneftgaz” yoqilg‘i quyish shoxobchalari tarmog‘i orqali sotiladigan dizel yoqilg‘isining narxi xorijiy kompaniyalar tomonidan sotilayotgan dizel yoqilg‘isi narxidan 11,5 foiz arzondir.

- Biz doimiy ravishda aholiga sotilayotgan mahsulot tannarxini muntazam o‘rganamiz va tahlil qilamiz, - deydi “O‘zbekneftgaz” AJga qarashli “UNG Petro” direktori Mirzohid Musayev.

“O‘zbekneftgaz” AJ narxlarni bosqichma-bosqich kamaytirib borishda davom etadi, deb xabar berdi jamiyat matbuot xizmati.

Eslatma: Iste’molchilar AYoQShlarda sotilayotgan mahsulot turlari, ularning narxlari hamda joylashgan manzillari haqida to‘liq va aniq ma’lumotlarni @UNG_Petro_Bot telegram kanali orqali olishlari mumkin.