Britaniya yoqilg‘i inqirozi tufayli armiyani safarbar qilmoqchi
Bu haqda Sky News hukumat manbalariga tayanib xabar bermoqda.
“Hukumat butun mamlakat bo‘ylab yoqilg‘i quyish shoxobchalarida juda katta navbatlar vujudga kelgani uchun ehtiyot chorasi sifatida armiyani safarbar qilishi kutilmoqda”, - deyiladi telekanalda.
Avvalroq, Times gazetasi mamlakatda haydovchilar yetishmasligi muammosi tufayli yoqilg‘i yuk mashinalari haydovchisi sifatida Britaniya harbiylari jalb etilishi mumkinligi haqida yozgan edi. Vaziyat sezilarli darajada yomonlashgan taqdirda “Eskalin operatsiyasi” deb nomlangan favqulodda vaziyatlar rejasi amalga oshiriladi, deya ma’lum qildi nashr.
Buyuk Britaniya so‘nggi bir necha oy ichida yuk va yonilg‘i mashinalari haydovchilari yetishmasligi tufayli oziq-ovqat ta’minotidagi uzilishlarga duch keldi. Bu neft kompaniyalari yoqilg‘i quyish shoxobchalarini yopilishiga olib keldi. Rasmiylarning yoqilg‘i yetkazib berishda muammo yo‘qligi haqidagi bayonotlariga qaramay, mamlakat aholisi vahima ichida benzin sotib olishni boshladi.
Kecha, 27 sentyabrdan boshlab Londondagi ko‘plab yoqilg‘i quyish shoxobchalari yoqilg‘isiz qoldi va yonilg‘i bo‘lganlarida yuzlab mashinalardan iborat navbatlar vujudga keldi.
Britaniya yirik neft kompaniyalari mamlakatda “yoqilg‘i zaxiralari juda ko‘p” ekanligi va ta’minot bir necha kunda izga tushishini aytishmoqda.