“O‘zbekneftgaz” AJ avtobenzin mahsulotini ishlab chiqarish va sotish bo‘yicha rasmiy bayonot berdi
“O‘zbekneftgaz” AJ matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 2021 yilning 9 oyida 1 mln. 110,1 ming tonna suyuq uglevodorod qazib chiqarilishi belgilangan. Amalda 1 mln. 148,1 ming tonna qazib chiqarilgan.
"Mos ravishda jamiyat tasarrufidagi neftni qayta ishlash zavodlarida joriy yilning 9 oyida 992,3 ming tonna uglevodorod xomashyosi qayta ishlanishi belgilangan bo‘lsa, amalda 1 mln. 223,8 ming tonna qayta ishlandi.
Joriy yilning 9 oyida 815,5 ming tonna mahalliy, 312,9 ming tonna import xomashyosi qayta ishlandi.
Shu bilan birga, joriy yilning 9 oyida 562,4 ming tonna avtobenzin ishlab chiqarilishi belgilangan bo‘lsa, amalda 654,9 ming tonna ishlab chiqarildi.
Ma’lumot uchun: joriy yilning 9 oyida 524,6 ming tonna “Ai-80” rusumli, 81,1 ming tonna “Ai-91”, 43,9 ming tonna “Ai-92”, 5,0 ming tonna “Ai-95”, 0,3 ming tonna “Ai-98” rusumli avtobenzin ishlab chiqarildi.
Respublikada Prezident va Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga (2017 yil 14 noyabrdagi 913-sonli, 2019 yil 30 iyuldagi 633-sonli, 2020 yil 4 apreldagi PQ–4664-sonli) asosan iqtisodiyotni liberallashtirish va ma’muriy tartibga solishni qisqartirish, tovarlar va xizmatlar bozorlarida samarali raqobat muhitini yaratish hamda narxlarni bozor tamoyillari asosida shakllantirishga bosqichma-bosqich o‘tish bo‘yicha qabul qilingan choralar natijasida:
avtomobil benzini chakana narxlarini davlat tomonidan tartibga solish bekor qilindi va uni neftni qayta ishlash zavodlari tomonidan sotish faqat birja savdolari orqali amalga oshirilishi belgilandi, jumladan:
– 2017 yil 15 noyabrdan boshlab “Ai-92”, “Ai-93”, “Ai - 95” va “Ai-98” markali;
– 2019 yil 15 avgustdan boshlab “Ai-91” markali;
– 2020 yil 1 maydan boshlab “Ai-80” markali;
- avtobenzin narxlarini Hukumat qarorlari bilan belgilash amaliyotidan voz kechildi, sog‘lom raqobat muhiti shakllandi va iste’molchilarga sifatli mahsulotlar yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi;
- respublikada Buxoro neftni qayta ishlash zavodidan tashqari birja savdolarida 10 dan ortiq sotuvchi avtobenzin mahsulotini taklif etmoqda;
- hozirda respublikada faoliyat yuritayotgan 2 600 dan ortiq avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalarida (AYoQSh) mahalliy neft mahsulotlari bilan birga import avtobenzin mahsulotlari ichki bozorda realizatsiya qilinmoqda.
Shuningdek, jahondagi yetakchi neft va gaz kompaniyalari kabi “O‘zbekneftgaz” AJ uglevodorod xomashyosini qazib chiqarish va qayta ishlash bilan chegaralanmasdan, ishlab chiqarilgan tayyor neft mahsulotlarini, jumladan, avtobenzin mahsulotini tasarrufdagi “UNG Retro” MChJga tegishli 65 dan ortiq AYoQShlar orqali o‘rnatilgan tartibda yuridik va jismoniy shaxslarga realizatsiya qilmoqda.
Aholini ijtimoiy himoya qilish maqsadida “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan avtobenzinning asosiy qismi, ya’ni 80,1 foizi “Ai-80” markali avtobenzin hisoblanadi.
Jahonda neft kotirovkasi yil boshiga nisbatan 1,7 barobarga oshishiga qaramasdan “O‘zbekneftgaz” AJ “Ai-80” avtobenzin narxini ichki bozorga katta hajmda realizatsiya (intervensiya) qilinishi hisobiga bir maromda ushlab turishga erishilmoqda.
Ma’lumot uchun: Brent markali neftning jahon birjalaridagi kotirovka narxi 1 barreli uchun 83-85 AQSh dollarni tashkil etib, yil boshiga nisbatan 1,7 barobarga oshgan bo‘lsa, tasarrufdagi AYoQSh larda 1 litr asosiy ishlab chiqariladigan “Ai-80” avtobenzini 5 900 so‘m chakana narxda (Toshkent sh.) sotilmoqda yoki yil boshiga nisbatan 1,15 barobarga oshdi.
Shu bilan birga, ishlab chiqarilayotgan “Ai-91”, “Ai-92”, “Ai-95” markali avtobenzinlarning asosiy hajmi import xomashyosidan ishlab chiqariladi yoki tayyor holda bozor kon’yunkturasidan kelib chiqib jahon kotirovkalariga bog‘langan holda import qilinadi. Shuning uchun, mazkur turdagi avtobenzin narxlari nisbatan yuqoriroq", deyiladi xabarda.