O‘zbekistonda Ekopolitsiya tuziladi
Davlatimiz rahbari "Ekologiya va turizm sohalarida aholi talablariga tezkor javob bera oladigan boshqaruv tizimini yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmonni imzoladi.
Farmonga muvofiq:
- Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi huzuridagi Turizm qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi sifatida qayta tashkil etiladi;
- Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Vazirlar Mahkamasi tizimidan chiqarilib, uning negizida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tashkil etiladi;
- O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ekologiya masalalari bo‘yicha maslahatchisi – Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi lavozimi kiritiladi;
- Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining asosiy vazifalaridan tashqari, Ekologiya qo‘mitasi “Chiqindidan holi hudud”, “Toza havo”, “Yashil makon”, “Eko-madaniyat” va “Bio meros” umummilliy loyihalarini amalga oshirish uchun mas’ul hisoblanadi;
- Ekologiya qo‘mitasi huzurida 15 nafargacha xorijiy va mahalliy ekspertlarni jalb qilgan holda “Ekoloyihalar fabrikasi” tashkil etiladi;
- Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasining Davlat ekologik nazorat inspeksiyasi (Ekopolitsiya) tashkil etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Qaroriga ko‘ra, Ekopolitsiya xodimlariga jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni (elektroshok qurilmalarini) va xizmat qurolini (rezina o‘qli, to‘r otuvchi) qo‘llash huquqi beriladi hamda ularning maxsus kiyimiga bodi kameralar o‘rnatiladi.
Shuningdek, ekologiya bo‘yicha hududiy bo‘linmalar va tuman (shahar) bo‘limlari mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari tuzilmasiga kirmaydi hamda o‘z faoliyatini mustaqil amalga oshiradi va Ekologiya qo‘mitasi oldida hisobdor bo‘ladi.