O‘zbekistonda yer qa’ridan 3 mingga yaqin kon va noyob ma’dan bor. Ularning qanchasidan foydalana olyapmiz?
Bugungacha geologlarimiz tomonidan 100 ga yaqin xomashyo turlarini o‘z ichiga oluvchi 3 mingga yaqin kon va istiqbolli ma’danlar aniqlandi. Shundan 70 ga yaqin xomashyo turlari sanoat va qishloq xo‘jaligida keng foydalanilmoqda.
Mamlakatimiz iqtisodiyoti mineral xomashyo bazasini mustahkamlash va yanada kengaytirishni, chet eldan valyuta hisobiga keltiriladigan qismini o‘zimizda yaratishni talab etadi. Bunday sharoitda oldimizga zamonaviy ilmiy g‘oyalar asosida geologiya-qidiruv va konlarni kompleks ravishda o‘zlashtirish (qazib olish texnikasi va texnologiyasi, boyitish va qayta ishlash) ishlari samaradorligini oshirishning yangi uslublarini yaratish va takomillashtirishdek murakkab va mas’uliyatli vazifalar qo‘yilgan.
"Ingichka tajriba texnologiya ekspeditsiyasi" (ITTE) qazilma konlarning texnologiyasini o‘rganuvchi asosiy tajriba bazasi hisoblanadi. Sinov o‘tkazishdan olingan natijalardan geologiya qidiruv ishlarini texnik iqtisodiy asoslashda, shuningdek, o‘rganilgan nodir, rangli, qora, kamyob va noma’dan qazilma konlari asosida sanoat korxonalarini qurish va loyihalash uchun texnologik reglamentlar tuzishda foydalaniladi.
Ekspeditsiya tashkil bo‘lgandan (1973 yil) buyon ITTE bazasida respublikamizdan (oltin, kumush, mis, temir, marganets, volfram va boshqa), shuningdek, Rossiya (volfram tarkibli Lermontov koni, oltin tarkibli Mayskiy koni), Ukraina (oltin tarkibli Beregovskiy koni), Qozog‘iston (barit tarkibli Tyuryuk koni), Tojikiston (oltin tarkibli Pokrut, Chore va Toror), shuningdek, Mongoliyadagi Ulanskiy konidan jami 500 dan ortiq turli ma’dan namunalari laboratoriya va kichik sanoat usullarida sinovdan o‘tkazildi. Ularning barchasi bugun ishlab chiqarishga jalb etilgan.
O‘tgan davrda bir qancha chet el kompaniyalari bilan hamkorlikda sinov ishlari o‘tkazildi. AQShning “Nyumont LTD” kompaniyasi bilan hamkorlikda Muruntov kareri otqindilarini g‘aramlab eritish texnologiyasi bo‘yicha qilingan sinov natijalari asosida “Zarafshan-Nyumont” qo‘shma korxonasiga asos solindi. Angliyaning “Lonro” firmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan sinov natijalari bo‘yicha “Amantaytau-Goldfilds” qo‘shma korxonasi tashkil etildi. Shuningdek, Janubiy Afrika Respublikasining “Djenkor” firmasi bilan hamkorlikda oltin-sulfidli ma’danlarni biologik usulda boyitish, Rossiyaning “Tyan-shan tog‘-kon kompaniyasi” YoAJ bilan hamkorlikda volframm tarkibli texnogen konlarni sinovdan o‘tkazish ishlari amalga oshirildi.
Bugungi kunda tashkilotimiz kamyob metallar texnologiyasini yaratish ustida jiddiy izlanishlar olib bormoqda. Yaqindagina kimyo sanoati, metallurgiya, qishloq xo‘jaligi va qurilish sanoati uchun, shuningdek, yoqilg‘i-energetika manbai sifatida qaralayotgan yuqori istiqbolli xomashyo - yonuvchi slanetslar kichik sanoat usulida muvaffaqiyatli sinovdan o‘tdi. Respublikamizda milliardlab tonna zaxiraga ega bo‘lgan bu xomashyo nafaqat uglevodorodlar (neft va gaz mahsulotlari) manbai, balki yuqori metall tashuvchanligi bilan chet ellardagi yonuvchi slanetslardan juda katta farq qiladi. Sinov davomida yonuvchi slanets kullaridan bir nechta metallarni ajratib olish mumkinligi isbotlandi.
Eshonqul Xushboqov,
Kattaqo‘rg‘on shahridagi "Ingichka tajriba texnologiya ekspeditsiyasi" bosh texnologi.