O‘zbekistonda “Xalqaro qishloq ayollari kuni” nishonlanadi

Vazirlar Mahkamasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 15 oktyabr sanasini “Xalqaro qishloq ayollari kuni” sifatida keng nishonlash to‘g‘risidagi taklifini ma’qulladi.

Hukumat agrosanoat yo‘nalishidagi tegishli tashkilotlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklariga joriy yilning 15 oktyabr kuni ushbu kunga bag‘ishlangan mazmunli tadbirlar tashkil etishni topshirgan.

Ma’lumot uchun, BMT Bosh Assambleyasining 2007 yil 18 dekabrdagi 62/136-sonli yig‘ilishida 15 oktyabr “Xalqaro qishloq ayollari kuni”, deb rasman e’lon qilingan. Bugungi kunda dunyoning ko‘plab davlatlarida mazkur sana xalqaro qishloq ayollari kuni sifatida keng nishonlanib kelinmoqda.