O‘zbekistondagi aloqa kompaniyalari iste’molchilarga 22,5 milliard so‘mdan ko‘proq zarar yetkazgan

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga joriy yilning o‘tgan davri mobaynida iste’molchilardan 17,5 mingdan ortiq arizalar kelib tushgan bo‘lib, shundan 638 tasi aloqa sohasidagi muammolar bilan bog‘liq murojaatlardan iborat.

Joriy yilning o‘tgan davrida Agentlik tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida aloqa sohasida iste’molchilardan 22,5 milliard so‘mdan ziyod ortiqcha mablag‘ olinganligi aniqlandi va ularni iste’molchilarga qaytarish yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Masalan, Bilayn kompaniyasi tomonidan o‘tgan yilning iyun oyida 3 million 200 mingdan ortiq abonent “Xabardor bo‘l” xizmatiga bepul ulangan. Biroq ushbu xizmatdan bir oy bepul foydalangan 1 million 300 ming abonentdan keyingi oydan boshlab kuniga 240 so‘mdan pul ushlab qolavergan va bu haqda, xizmatning pullik ekanligi to‘g‘risida barcha abonentlar xabardor etilmagan. Oqibatda, iste’molchilardan 20 milliard so‘mga yaqin ortiqcha haq olingan. Bugungi kunda ushbu mablag‘ abonentlarga bosqichma-bosqich qaytarilmoqda.

🔹 Kontent provayderlar tomonidan mobil aloqa kompaniyalari ko‘magi bilan iste’molchilar o‘rtasida turli viktorina va boshqa pullik xizmatlarni ko‘rsatishda ham iste’molchilar huquqi buzilishi holatlari mavjud.

Xususan, “Via Mobi” kontent provayderi tomonidan “G‘olib bo‘l va yutib ol!” aksiyasi doirasida Bilayn abonentlariga “Siz 100 million so‘m g‘olibi sifatida tanlab olindingiz” mazmunida SMS xabar yuborilishi natijasida 3 600 iste’molchi 17,1 million so‘m miqdorida ortiqcha xarajatni amalga oshirgan.

“First IT Group” kontent provayderi tomonidan “Al-chiroq” aksiyasiga ulangan Ucell abonentlariga haqiqatda pullik xizmatlar ko‘rsatilmasa-da, haq undirilgan va bu haqda iste’molchilar xabardor qilinmagan. Natijada, 337 900 abonentdan 97,4 million so‘m ortiqcha mablag‘ olingan.

Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi direktori o‘rinbosari A’zamjon Qurbonov ma’lum qildi.