O‘zbekistonlik akrobatlar 10 metr balandlikdan yiqilib tushdi

Niderlandiyada o‘zbekistonlik artistlar tomosha paytida balandlikdan tushib ketdi. Ko‘plab OAVlarda berilgan ushbu xabarni TIV tasdiqladi.

Mamlakatimizning Benilyuks davlatlaridagi Elchixonasi 2020 yil 3 yanvar kuni Amsterdam shahrida (Niderlandiya) o‘tkazilayotgan Butunjahon rojdestvo sirki shousida o‘z chiqishi bilan qatnashayotgan “Samo farishtalari” dueti akrobatlari, O‘zbekiston fuqarolari Kristina Vorobeva va Rustem Osmanovning tomosha vaqtida 10 metr balandlikdan qulab tushgani to‘g‘risidagi OAVning ma’lumotlarini tasdiqladi.

Artistlar og‘ir ahvolda shifoxonaga olib kelingan. Elchixona shu kunning o‘zida jabrlangan hamyurtlarimizga kerakli yordamni ko‘rsatish uchun Niderlandiyaning rasmiy organlari va politsiyasi bilan bog‘landi hamda ular bilan muloqotda bo‘lib turibdi.

Konsullik-huquqiy departamenti Benilyuks davlatlari (Belgiya, Niderlandiya, Lyuksemburg) hamda Daniya hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari zarur hollarda mamlakatimizning Brussel shahridagi Elchixonasiga + 02 661 20 42 (44, 46, 47, 49) yoki + 32 488 41 48 06 telefon raqamlari, consulat@uzbekista.be elektron pochtasi orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatadi.