O‘zbekistonlik arxitektor qiz xalqaro tanlovda 2-o‘rinni egalladi

2019 yilning 3-5 oktyabr kunlari Janubiy Koreyaning Pyonchang shahrida «World Culture Open» xalqaro tashkiloti tomonidan «Better Together Challenge 2019» festivali o‘tkazildi.

«Better Together» - dunyodagi ijtimoiy innovatorlarni, ijodkorlarni, faollarni va xayolparastlarni ilhomlantiruvchi, fikr almashish uchun birlashtiruvchi global festival sanaladi. Festivalga 60 mamlakatdan 500 nafar qatnashchi tashrif buyurdi.

Bu yilgi festival Janubiy Koreyadagi 2018 yilgi Olimpiya shaharchasini «Tinchlik va barqarorlik shahri»ga aylantirish bo‘yicha g‘oyalar tanloviga bag‘ishlandi.

Ushbu g‘oyaga 2018 yilgi Qishki olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimidagi voqea sabab bo‘lgan. O‘shanda ikki Koreya (Shimoliy va Janubiy)ning 200 dan ortiq delegatlari Koreya yarimorolini birlashtirish bayrog‘i ostida to‘plangan edi.

Festivalda ishtirok etish uchun nafaqat arxitektor va dizaynerlar, balki ijtimoiy innovatorlar, tinchlikparvarlar va boshqalar taklif etildi.

O‘zbekistonlik iqtidorli arxitektorlardan biri Taxmina Turdialiyeva Koreya yarimoroliga bag‘ishlangan «Garden of Unification» birlashish bog‘ini yaratishni ko‘zda tutuvchi «Tinchlik va barqarorlik shahri»ning g‘oyaviy dizaynini taqdim etgan holda festivalda 2-o‘rinni egalladi. Ushbu birlashuv bog‘i ekologik tadqiqotlar laboratoriyasini, ichki xotirjamlik va meditatsiya mashqlari uchun moslashgan maydonchalarni o‘z ichiga oladi.

Ma’lumot uchun: Taxmina Turdialiyeva 2018 yilgi «Turkistan Architects award» xalqaro tanlovi g‘olibi bo‘lgan. O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning yangi avlod istiqbolli va iste’dodli arxitektorlaridan biri deb tan olingandi. 2012 yilda Prezident stipendiati bo‘lgan bu qiz ko‘plab respublika va xalqaro tanlovlar g‘olibi. Shu bilan birga, shaxmat bo‘yicha FIDE xalqaro toifadagi hakami, «World Peace Initiative» xalqaro tashkiloti hamda «Buyuk kelajak» ekspertlar kengashi a’zosi hisoblanadi.

Hozirgi kunda Xitoydagi «Cube Design Architects» xalqaro arxitektura kompaniyasida arxitektor sifatida faoliyat yuritmoqda.

Samarqand viloyati qurilish boshqarmasi.