Viloyatning bosh arxitektoriga ma’muriy chora ko‘riladimi? Samarqand tumani hokimi o‘rinbosari va tuman IIB boshlig‘iga-chi?
Keyingi vaqtda aholiga o‘zlarini qiynab kelayotgan muammolari yoki o‘ylantirayotgan masalalari bo‘yicha tegishli organlar yoki rahbarlarga murojaat qilish uchun keng imkoniyat yaratib berilmoqda. Xususan, ayni paytda biror ishni bitirish uchun uydan chiqmasdan, tegishli davlat idorasiga murojaat yo‘llash mumkin.
Aytish kerakki, bu borada viloyat hokimi hududning birinchi rahbari sifatida boshqalarga ibrat bo‘lib kelyapti. Joylarda o‘tkazilayotgan sayyor qabullarda har bir murojaatchi tinglanib, ko‘tarilayotgan muammo yoki masalaning yechimi topilmoqda. Bundan tashqari qabulga kelish imkoni bo‘lmaganlar viloyat hokimining telegram messenjeriga o‘z murojaatini yo‘llashlari mumkin. Murojaat tegishli tartibda mas’ullarga va ijrochilarga yetkazilib, ijrosi nazoratga olinmoqda.
Ammo ularning barchasi ham qonunda belgilangan muddatda ko‘rib chiqilyaptimi? Murojaatchilar ko‘targan masala yoxud ularni o‘ylantirayotgan muammo hal etilyaptimi?
Muhimi, bu borada ham viloyat hokimligida qat’iy tartib o‘rnatilgan. Belgilangan reja asosida murojaatlarning o‘rganilishi holati muhokama qilib borilmoqda. O‘tgan hafta (16 yanvar) bo‘lib o‘tgan ana shunday muhokama davomida ayrim rahbarlarga keskin choralar ko‘rildi. Nega?
Samarqand shahri, Mustaqillik ko‘chasi 11-uyda istiqomat qilayotgan Hayot Murodjonova sayyor qabulda viloyat hokimiga noqonuniy buzilayotgan uy-joyi to‘g‘risida murojaat qilgan. Joyiga chiqib o‘rganishni talab qiladigan ushbu masala viloyat bosh arxitektori B.Elmurodovga yuklatilgan. Biroq 2019 yilning dekabr oyida qilingan murojaat o‘tgan davr mobaynida ko‘rib chiqilmagan.
Bundan tashqari B.Elmurodov tadbirkorlik faoliyatini tashkil etish uchun yer maydoni yoki bo‘sh bino ajratib berishni so‘ragan fuqaroning ham murojaatini belgilangan muddatda ko‘rib chiqmagan. Vaholanki, viloyat hokimining telegram messenjeriga yo‘llangan murojaat 2019 yil 26 dekabrda ro‘yxatga olingan va viloyat bosh arxitektoriga yo‘naltirilgan.
Viloyat bosh arxitektori B.Elmurodovning berilgan topshiriqlarni bajarmasdan o‘z holiga tashlab qo‘yilganligi masalasini o‘rganib chiqish viloyat prokuraturasiga topshirildi.
Yig‘ilishda viloyat hokimi Samarqand tumanida murojaatlarni ko‘rib chiqishda sansalorlikka yo‘l qo‘yilayotganini tanqid qildi. Jumladan, tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Sh.Jumayev va tuman ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i A.Toshev “Ochiq muloqot” ko‘rsatuvi orqali yo‘llangan murojaatlarni o‘z vaqtida bajarmagan.
Bu holatga qonuniy baho berish Samarqand tumani prokuroriga yuklandi.
Bundan tashqari, viloyat prokurori o‘rinbosariga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan qilingan murojaatlar ijrosi kechiktirilib bajarilishi holati bo‘yicha “O‘ztelekom” aksiyadorlik kompaniyasi viloyat filiali boshlig‘i X.Ravshanov, viloyat hokimligi Xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari U.Mamarasulovlarni rasman ogohlantirish tavsiya etildi.
Yig‘ilishda shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi, viloyat hokimining sayyor qabuli, telegram messenjeri, viloyat hokimligining ishonch telefoni, viloyat televideniyesining “Ochiq muloqot” ko‘rsatuviga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan berilgan murojaatlar ijrosi bo‘yicha boshqarma boshliqlari va tuman, shahar hokimlariga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Yo.GADOYeV.