Test topshirmay talaba bo‘ladigan abituriyentlarni bilasizmi?
Bugun Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida o‘qish uchun ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar uchun ijodiy imtihonlar bo‘lib o‘tmoqda.
– Institutning dizayn, internerli loyihalash va dizayn, landshaft dizayn yo‘nalishlariga ariza topshirgan abituriyentlar ijodiy imtihon topshirmoqda, – deydi qabul komissiyasi mas’ul kotibi G‘ulom Ortiqov. – Yigit-qizlar qalamtasvir, rangtasvir va chizmachilik fanlari bo‘yicha 29 iyuldan 31 iyulga qadar ijodiy sinovdan o‘tkaziladi. Ijodiy ishlar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim hamda Qurilish vazirligi biriktirgan mas’ul nazoratchilar tomonidan belgilangan nizom asosida baholanadi. Ushbu yo‘nalishlarda o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar yuz foizlik baholash tizimida ball to‘playdi va test topshirmaydi. Ular to‘plagan ball ijodiy ishlar qabul qilingandan so‘ng 3 kun ichida e’lon qilinadi.
Mazkur yo‘nalishlarda tahsil olish uchun ariza topshirgan 336 nafar abituriyentlarning eng bilimli va iqtidorlilari saralab olinadi va ularning 50 nafari talabalikka qabul qilinadi.
– Qizim Mavluda Usmonova Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutining landshaft dizayn yo‘nalishida o‘qish uchun ijodiy imtihon topshiryapti, – deydi Navoiy viloyati Uchquduq tumanidan kelgan Nigora Omonova. – Bugun farzandim yillar davomida olgan bilim va tajribalarini amaliyotda qo‘llab, yaxshi natijaga erishadi degan umiddaman. Biz, ota-onalar imtihon jarayonlarini monitor orqali kuzatib turibmiz. To‘g‘risi, hech kimda norozilik kayfiyati yo‘q, hammasi adolat va shaffoflik bilan o‘tyapti.