O‘zbekistonlik ijodkorlar Belarus poytaxtida

Belarus Respublikasi poytaxti Minsk shahrida  XXXI an’anaviy xalqaro kitob ko‘rgazmasida tashkil etildi. Unda O‘zbekiston ijodkorlari ham faol ishtirok etdi.

Yozuvchi va shoirlar, adabiyotshunos olim va tarjimonlar ishtirokida beshinchi bor o‘kazilgan tadbirda adabiyotning o‘rni, so‘zning qadri va ijodkorning faolligi xususida so‘z bordi. Tashkil etilgan ijodiy ko‘rgazma doirasida “Yozuvchi va davr” mavzusida simpozium bo‘lib o‘tdi. Unda o‘ttizdan ortiq mamlakatdan kelgan noshirlar o‘z mahsulotlarini namoyish etdi.

Tadbirda “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev, “Sharq” nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi bosh muharriri Ahror Ahmedov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi xodimi R.Haydarova, ijodkor A.Mamasoliyev o‘zbek adabiyoti tarixi va buguni haqida ma’ruza qildi.

Belarus davlat universitetining jurnalistika fakulteti professori Viktor Ivchenkov o‘zbekistonlik ijodkorlar bilan hamkorlikni yanada rivojlantirish, bu borada O‘zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining tashkil etilgani, bu esa jurnalistlar o‘rtasidagi aloqalarning yanada samarali bo‘lishiga xizmat qilishini ta’kidladi.

Tadbir davomida shoir Sirojiddin Rauf hamda Risolat Haydarovaning belarus ijodkorlarining asarlarini o‘zbek tiliga qilingan tarjimalari haqida ham so‘z yuritildi.

Belarus Yozuvchilar uyushmasi kutubxonasiga o‘zbek adiblarining kitoblari tuhfa etildi va Minsk shahrida joylashgan “Do‘stlik” kitob do‘konida mamlakatimiz nashriyotlarida chop etilgan asarlarni namoyish etuvchi maxsus burchak tashkil etildi. Shuningdek, Belarus Respublikasining “Belkniga” va “Sharq ziyokori” kitob do‘konlari o‘rtasida ijodiy hamkorlik memorandumi imzolandi.

Nodir SUVONOV,

 “Mashhur-press” nashriyoti direktori,

  Toshkent- Minsk.