O‘zbekistonlik tennischining sportdan 7 yilga chetlashtirilgani yuzasidan bayonot berildi

Kecha ko‘plab internet saytlarida o‘zbekistonlik tennischi Temur Ismoilovning kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etgani uchun 7 yilga sportdan chetlatilgani haqida xabarlar e’lon qilindi.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi hamda Milliy Olimpiya qo‘mitasi axborot xizmatlari tomonidan izoh taqdim qilindi.

Temur Chingizovich Ismoilov 2013 yildan to 2017 yilgacha O‘zbekiston terma jamoasi sharafini himoya qilgan. O‘sha yili oilasi bilan birga doimiy yashash uchun AQShga ko‘chib ketganligi sababli terma jamoa safidan chiqarilgan.

T.Ismoilov haligacha AQSh fuqaroligini olmagani bois bugungacha Xalqaro tennis federatsiyasi (ITF) hamda professional tennischilar assotsiatsiyasi (ATR) tasnifiga kiruvchi musobaqalarda O‘zbekiston bayrog‘i ostida qatnashib kelgan.

Kecha, 2020 yil 23 dekabr kuni tennis o‘yinlarini tekshirishga mas’ul bo‘lgan Tennis Integrity Unit tashkiloti T.Ismoilovning ITF hamda ATR tasnifidagi turnirlarda kelishilgan o‘yinlarda ishtirok etgani uchun 7 yilga sportdan chetlatilgani haqidagi qarorini matbuotda e’lon qildi.

Xabarda ayni paytda Temur Ismoilov tennis bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi sifatida ro‘yxatda turmasligi ma’lum qilindi.